Teng imkoniyatlar va adolatli jamiyat sari
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar Samarqand davlat chet tillar institutida uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda institut professor-o‘qituvchilari va talabalar, partiya faollari ishtirok etdi.

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi raisi Robaxon Mahmudova bu yilgi saylovlarning o‘ziga xos xususiyatlari, ayni paytda partiyaning ushbu jarayondagi ishtiroki, maqsad va vazifalariga e’tibor qaratdi. Uchrashuv qatnashchilarining asosiy qismi ta’lim sohasi vakillari bo‘lgani uchun partiyaning mazkur yo‘nalishdagi ishlari haqida so‘z yuritdi.
Ta’kidlanganidek, partiyaning o‘tgan Saylovoldi dasturida ta’lim sohasida muhim o‘zgarishlar va islohotlar uchun bir qator takliflar ilgari surilgan. Masalan, partiya fraksiyasi tashabbusi bilan o‘qituvchilar huquqiy maqomini yanada ko‘tarish, ularning ish haqi va ijtimoiy mavqeini oshirishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha 2024 yil 1 fevralda O‘zbekiston Respublikasining “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Qonunda pedagoglar o‘z kasbiy faoliyatini amalga oshirishi uchun ularning huquqlari qat’iy belgilab qo‘yildi.

Yangi saylovoldi dasturida ham ta’lim sohasidagi islohotlarni davom ettirish bo‘yicha bir qator maqsadlar ilgari surilayotgani qayd etildi.
– Har bir pedagog, ta’lim sohasi vakili jonkuyar, fidoyi shaxs, – dedi Robaxon Mahmudova. – Ularning o‘z bilim va mahoratini doimiy ravishda oshirishi, haq-huquqlari, ijtimoiy muhofazasini ta’minlashda partiya doimiy yelkadosh bo‘ladi. Bizning elektoratimiz orasida ko‘pchilikni tashkil etadigan tibbiyot sohasi xodimlarini ham faol qo‘llab-quvvatlaymiz, ularning huquqlarini kafolatlash bo‘yicha zarur choralar ko‘ramiz. Umuman, biz kelgusida ta’lim va tibbiyot sohasi vakillarining jamiyatdagi mavqeini yanada ko‘tarish va shu orqali ularning manfaatlarini himoya qiluvchi siyosiy partiya bo‘lishda davom etamiz.

Uchrashuvda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar – Yelena Kompolik, Nilufar Suleymanova so‘zga chiqib, partiya hamda o‘z saylovoldi dasturlari haqida ma’lumot berdi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri