Poytaxtga mehmonga kelgan kishi borki, Temuriylar tarixi davlat muzeyini ziyorat qilmasdan qaytmaydi. Shaharning qoq markazida joylashgan mazkur muzeyga sayohatimiz davomida muzey direktori Xurshid Fayziyev bir-biridan qiziqarli ma’lumotlar taqdim etdi, eksponatlar haqida so‘zlab berdi.

– Muzeyimiz yildan-yilga turli eksponatlar bilan boyitib borilyapti, – deydi X.Fayziyev. – 2022 yil davomida muzey fondiga 1 ming 880 ta eksponat (1833 dona tanga, 25 ta sopol buyum, 1 ta vaqf yorlig‘i, 11 ta me’moriy qoplama asosiy fondga va 10 dona ashyo yordamchi fondga) qabul qilindi. 2022 yilning may-iyun oylarida muzey restavrator – katta ilmiy xodim, arxeolog D.Normurodov Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi «Amir Muhammad (Barloslar) maqbarasi» yodgorligida arxeologik tadqiqotlar o‘tkazdi. Olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida topilgan 12 dona ashyo Temuriylar tarixi davlat muzeyi fondiga qabul qilindi.
2022 yilda Fransiyaning Luvr muzeyi va Arab dunyosi institutida tashkil etilgan ko‘rgazma uchun tanlab olingan eksponatlar muzey xazinasidan Parij shahriga olib borildi. Montaj ishlarida muzey ilmiy xodimlari ham ishtirok etdi. 2022 yilning 23 noyabr kuni Fransiyaning Parij shahridagi Arab dunyosi institutida tashkil etilgan «Samarqandga yo‘l. Ipak va oltin mo‘’jizalari» ko‘rgazmasida muzeydagi 6 ta zardo‘z chopon namoyishga qo‘yildi.
Shuningdek, muzey xazinasida saqlanayotgan bronza kashkul Luvr muzeyida tashkil etilgan «O‘zbekiston vohalarining mo‘’jizalari. Karvon yo‘llari chorrahasida» ko‘rgazmasidan o‘rin oldi.

O‘zA muxbiri Nigora Rahmonova yozib oldi