Temuriy malikalar: Gavhar Shod begim (+video)
Gavhar Shod begim Amir Temurning to‘rtinchi o‘g‘li Shohruh Mirzoning suyukli katta xotini, Chig‘atoy zodagonlaridan G‘iyosiddin Tarxonning qizi edi. Rivoyat qilishlaricha, G‘iyosiddin Tarxonning bobokaloni — Qushlik bir vaqtlar Chingizxon mulozimatida bo‘lib, bir jang asnosida uni o‘limdan saqlab qolgan ekan. Shundan buyon Chig‘atoy ulusida bu avlod yuksak e’tibor va hurmatga sazovor bo‘lgan.
Gavhar Shod begim 1379-yilda tug‘ilib, 1393-yilda Shohruh Mirzo nikohiga kirgan. Undan uch o‘g‘ilu ikki qiz ko‘rgan. To‘ng‘ich o‘g‘li —Ulug‘bek Mirzo ko‘ragon (Muhammad Tarag‘ay, 1394—1449), o‘rtancha o‘g‘li — Boysung‘ur Mirzo (1397—1433) va kichik o‘g‘li — Muhammad Jo‘ki Mirzo (1401 —1445) lardir.
Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Gavhar Shod begim yuksak did-farosatli, oqila, tadbirkor, suxandon, bir so‘zli — qat’iyatli, husn bobida ham benazir ayol bo‘lgan. Tabiatan dindor Shohruh Mirzo ko‘p vaqtini toat-ibodat va kitob mutolaasiga sarflardi. Saltanat, devon ishlarini o‘ktam va tadbirkor xotini Gavhar Shod begim boshqarardi. Bu ziyrak ayol qaynotasi Amir Temur vafotidan so‘ng, sekin-asta saltanat ishlarini o‘z qo‘liga oldi. Zotan, Shohruh Mirzoning o‘zi ham xotini Gavhar Shod begimning donoligiga tan berar, saltanatni boshqarishda oqilona va tadbirli maslahatlariga ehtiyoj sezib turardi. Shu bois, saltanatga doir ko‘pgina ishlar malikaning nazar-e’tiboriga havola qilingan. Viloyatlarga hokim tayinlash, qo‘shinga sarkarda belgilash, hatto kimga qanday in’om va kimga qanday jazo berish masalalari ham malikaning inon-ixtiyorida edi.
Shohruh Mirzo davrida Xuroson siyosiy-ijtimoiy va madaniy jihatdan ancha gurkirab o‘sdi. Mamlakat poytaxti Hirot iqtisodiy va madaniy yuksalishda Sharqning eng nufuzli shaharlaridan biriga aylandi. Tabiyki, mamlakatning bunday yuksalishida "amaliy hukmdor" malika Gavhar Shod begimning hissasi beqiyos. Tabiatan vatanparvar, bilimdon va zukko Gavhar Shod begim mamlakat ravnaqi yo‘lida tinmay g‘amxo‘rlik qiladi. Uning dasturida madaniy va ma’rifiy hayot birinchi o‘rinda bo‘lgan. Shu boisdanmi, farzandlari hamda barcha nabiralari ilm-fan muxlislari bo‘lib, hatto g‘azal ham bitganlar. Gavhar Shod begim Hirotdagi juda ko‘p qurilish ishlariga rahnomalik qildi. Uning o‘zi ham Hirotda ikkita katta madrasa qurdirgan.
1446-yilda qarib qolgan Shohruh Mirzo o‘z nabirasi — Qazvin, Ray va Qum viloyatlarining hukmdori Sulton Muhammad Mirzoga (Boysunqir mirzoning o‘g‘li) qarshi g‘arbga yurish boshlaydi. Bu yurishdan maqsad o‘zboshimcha yosh shahzodaning adabini berib qo‘yish edi. Shohruh Mirzo G‘arbiy Eronda hech qanday qarshilikka uchramadi. Chunki shahzoda Sulton Muhammad Mirzo bobosining kelayotganini eshitgach, Sherozni qamaldan bo‘shatib, o‘zi toqqa qochib ketgan edi. Shohruh Mirzo Sherozga kirgach, shahzodaning barcha yaqin kishilarini jazoga hukm qiladi. Gavhar Shod begimning qat’iy talabi bilan bir necha sayyidlar ham qatl etiladilar. Sayyidlar ustidan bunday jazo hukmini chiqarishga na Amir Temur va na Ulug‘bek Mirzo botina olmas edilar.
Davlatshoh Samarqandiyning yozishicha, sayyidlar Shohruh Mirzodan "adolat yuzasidan taftish o‘tkazish" ni yolborib so‘raydilar. Ammo Shohruh Mirzo malika Gavhar Shod begimning xohishini qaytarolmaydi va hukm ijro etiladi. Nihoyat, sayyidlar dor ostida turib, Shohruh Mirzoni "duoyi bad" qiladilar. Binobarin, ko‘p o‘tmay Shohruh Mirzo avlodi qirilib ketish sababini mazkur sayyidlar qarg‘ishiga uchraganligining oqibatidir, deb yozadi Davlatshoh Samarqandiy.
Shahzodalarning noittifoqligidan foydalangan Samarqand hukmdori Sulton Abusayid Mirzo Xurosonni bosib oladi. Bu vaqtda malika Gavhar Shod begim 80 yoshga yaqinlashib, ancha qarib qolgan edi. Biroq qarib qolgan malika Xuroson taxtidan xali ham voz kechmagan edi. Binobarin, chevarasi Sulton Ibrohim Mirzoni hukmdor Sulton Abusayid Mirzoga qarshi isyon ko‘tarishga undaydi. Malikaning bu harakatidan xabar topgan Sulton Abusayid Mirzo malikani chopib tashlashga farmon beradi. Farmonga muvofiq 1457-yilda Gavhar Shod begim chopib o‘ldiriladi va o‘zi qurdirgan madrasa yonidagi Boysung‘ur dahmasiga dafn etiladi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/E3bUnM6Eems?si=IpdoHLvQI5Fj19Ul" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA