“Temur tuzuklari” bilimdonlari rag‘batlantirildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish, targ‘ib qilish bo‘yicha tashabbuslaridan kelib chiqqan holda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi tomonidan turli muassasalarda, umumta’lim maktablarida muntazam ravishda “Eng yaxshi kitobxon” tanlovi o‘tkazib kelinayapti.
Bunda jahon va o‘zbek adabiyotining sara namunalari, tarixiy kitoblar bo‘yicha bilimlarini namoyish etgan o‘g‘il-qizlar munosib rag‘batlantirilmoqda.
Shunday tadbirlardan biri Qarshi tumanidagi 25-maktabda tashkil etildi.
Tanlov uchun aynan mazkur ta’lim muassasasi tanlangani bejiz emas. Maktab joylashgan Qovchin qishlog‘ida davlatimiz rahbari e’tibori asosida barpo etilgan Abul Muin an-Nasafiy ziyoratgohi joylashgan bo‘lib, buyuk alloma shu yerda mangu qo‘nim topgan.
Azaldan gullab-yashnagan ilm-fan daraxtlari bugun ham o‘z mevalari, samaralarini berib kelmoqda. Hududda ilm-ziyoga, kitobxonlik, ijodga oshno insonlar ko‘p.
Maktab o‘quvchilariga bir oy avval “Temur tuzuklari” asarini o‘qish vazifasi topshirildi. Shunga ko‘ra, test savollariga eng ko‘p javob topgan o‘quvchilar orasidan Og‘abek Mamashayev 1-o‘rinni, Farangiz Shodmonova 2- va Hasan Xolboyev 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
1-o‘rin sohibiga homiylik mablag‘lari hisobidan 500 ming so‘m, 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan o‘quvchiga 300 ming hamda 3-o‘rin sohibiga 200 ming so‘m pul mukofoti, kitoblar taqdim etildi.
Taqdirlash marosimida Markaz viloyat bo‘limi, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug faxriylar kengashi vakillari ishtirok etdi.
- Yaqinda “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichi g‘oliblari aniqlanib, Prezident sovrini – “Spark” avtomobili o‘z egalariga topshirildi, - deydi maktabning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi, jurnalist Bekzod Sayfiyev. – Biroq shu tanlovning viloyat bosqichiga Qarshi tumanidan birorta ham ishtirokchi chiqa olmagan. Ehtimol tanlovning tuman bosqichi o‘tkazilmagandir. Shunga ko‘ra, maktabda, hududda kitobxonlik darajasini yanada yuksaltirish maqsadida “Eng yaxshi kitobxon” tanlovini o‘tkazishni yo‘lga qo‘ydik.
Dastlab o‘quvchilar Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazdi, bu gal esa “Temur tuzuklari” bo‘yicha test savollariga javob topishdi. Tanlovning har bir bosqichiga saxovatpesha insonlar tomonidan 1 million so‘m mablag‘ ajratilib, yuqori natija qayd etgan 3 o‘quvchiga rag‘bat tariqasida berilmoqda. Maqsad, mahallada joylashgan 4 ta maktab o‘quvchilarini o‘zaro bellashtirishdir. Undan so‘ng esa tuman maktablari o‘quvchilari o‘rtasida mukofot puli 10 million so‘m bo‘lgan tanlov o‘tkazishni reja qilganmiz. Shu orqali hududda kitobxonlar soni oshsa, bizda ham kitob o‘qib “Spark” oladiganlar ko‘paysa, mamnun bo‘lamiz.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA