Temir yo‘l chiptalarini mobil telefon orqali xarid qilish mumkin
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati chiptalarini mobil telefon vositasida xarid qilish imkoniyati yaratildi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati chiptalarini mobil telefon vositasida xarid qilish imkoniyati yaratildi.– 2015-yilning 12-oktabridan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida temir yo‘l chiptalarining elektron sotuvi ishga tushirilgan edi, – deydi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bo‘lim boshlig‘i Sherzod Alirizayev. – Bu fuqarolarga chiptalarni internet orqali xarid qilish imkoniyatini yaratib, sotuv kassalari bo‘lmagan joylar, ayniqsa, olis hududlarda yashayotganlar uchun katta qulaylik yaratdi. Xususan, o‘tgan qisqa davrda ikki mingga yaqin temir yo‘l chiptasi aynan eticket.uzrailway.uz sayti orqali xarid qilingan.
Elektron temir yo‘l chiptalari sotuvi tizimini yanada takomillashtirish maqsadida joriy yilning 23-fevralidan mobil ilova ishga tushirildi. “Tune Consulting” korxonasi tomonidan ishlab chiqilgan ilova Android hamda iOS operatsion tizimlari platformasida ishlaydi.
Ilovada eticket.uzrailway.uz saytidagi mavjud barcha imkoniyatlar yaratilgan. Xususan, foydalanuvchilar mobil ilova orqali temir yo‘l chiptalarini xarid qilishi, poyezdlar jadvalidagi o‘zgarishlar haqidagi ma’lumotlar, temir yo‘l transporti sohasidagi yangiliklar bilan tanishishi mumkin.
Elektron temir yo‘l chiptalariga to‘lov plastik kartochkalar orqali amalga oshiriladi.