“Temir daftar”dagi 78 fuqaroga moddiy ko‘mak berildi
Samarqand shahar Ilmobod mahallasida yashovchi M.Qodirovaning farzandi K.Saitov betob bo‘lib qoldi.
Ona bemor bolasini tegishli mutaxassislarga ko‘rsatdi, tibbiyot muassasalariga olib bordi, davolatdi. Lekin tashxis va yakuniy xulosa bemorda murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazish zarurligini taqozo etdi. Operatsiya uchun esa juda ko‘p bo‘lmasa ham, mablag‘ zarur. Oilada bunga imkoniyat yo‘q.
Shunda M.Qodirova operatsiya uchun pul so‘rab hokimlik va boshqa idoralarga murojaat qildi. Shu tariqa mablag‘ ajratish masalasi xalq deputatlari Samarqand shahar kengashi sessiyasi kun tartibiga kiritildi. Kengash qarori bilan “Mahalla” xayriya jamoat fondi Samarqand shahar bo‘linmasi qoshida tashkil qilingan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan K.Saitovni davolatish uchun 16,5 million so‘m ajratildi.
– Murojaatim ijobiy hal qilinganidan xursandman. Bu davlatimiz tomonidan yuritilayotgan insonparvar siyosat natijasi deb bilaman, – deydi M.Qodirova.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati bo‘limidan ma’lum qilishlaricha, joriy yilning may oyida Samarqand shahrida yashovchi, “Temir daftar”da ro‘yxatda turgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj 78 nafar fuqaroni moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 400 million so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan. Jumladan, sog‘ligini tiklash va davolanish bilan bog‘liq xarajatlarga 337 million so‘m, moddiy yordam uchun 41,9 million so‘m yo‘naltirilgan.
G‘.HASANOV, O‘zA