“Temir daftar”dagi 1 ming 197 ta oilaga quyosh panellari bepul o‘rnatiladi
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish mamlakatimiz energetika siyosatidagi muhim yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda. Ayniqsa, quyosh energetikasidan foydalanish nafaqat elektr ta’minoti barqarorligini oshirish, balki aholi uchun energiya xarajatlarini kamaytirish imkonini ham beryapti.
Bu borada ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni zamonaviy energiya manbalari bilan ta’minlashga qaratilgan tashabbuslar ham amalga oshirilmoqda.
Shunday loyihalardan biri - O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va Saudiya Arabistonining “Acwa” kompaniyasi hamkorligida amalga oshirilayotgan “Yorqin xonadon” ijtimoiy loyihasi. Tashabbusning navbatdagi va yakuniy bosqichi boshlanib, unda “Temir daftar”ga kiritilgan 1 ming 197 ta kam ta’minlangan oilaga quyosh panellari bepul o‘rnatiladi.
Yangi bosqich Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand va Buxoro viloyatlarini qamrab oladi. Oilalar ro‘yxati hududlar hokimliklari bilan hamkorlikda “Temir daftar” reyestri asosida shakllantiriladi.
Energetika vaziri Sherzod Xo‘jayevning ta’kidlashicha, loyiha aholini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash va qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishni kengaytirish vazifalarini birlashtiradi.
–Bugun yurtimizda aholini ishonchli va barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash bilan bir qatorda, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. “Yorqin xonadon” loyihasi esa bu ikki muhim vazifani uyg‘unlashtirgani bilan ahamiyatli. U ehtiyojmand oilalar va ijtimoiy soha ob’ektlariga quyosh energiyasidan foydalanish imkonini berib, ularning elektr energiyasi xarajatlarini kamaytirishga xizmat qiladi, – dedi Sh.Xo‘jayev.
Loyihaning avvalgi bosqichlarida ham salmoqli ishlar amalga oshirilgan. Xususan, Surxondaryo, Buxoro, Toshkent, Navoiy viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 580 ta oila hamda 334 ta ijtimoiy soha ob’ekti, ya’ni maktab, maktabgacha ta’lim tashkiloti va qishloq vrachlik punktlari quyosh panellari bilan ta’minlangan.
“Acwa” kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh direktori Jon Zaidiyning qayd etishicha, loyihada samaradorligi yuqori bo‘lgan quyosh panellaridan foydalanish bilan birga, aholi uchun qo‘shimcha iqtisodiy imkoniyatlar ham yaratiladi.
–Qayta tiklanuvchi energiya manbalari barqaror kelajakning muhim asoslaridan biridir. “Yorqin xonadon” loyihasi doirasida ishonchli va samaradorligi yuqori bo‘lgan quyosh panellaridan foydalanilmoqda. Bu tashabbus ehtiyojmand oilalar va ijtimoiy ob’ektlarning elektr energiyasi xarajatlarini kamaytirish bilan birga, ularga ortiqcha ishlab chiqarilgan elektr energiyasini tarmoqqa sotish orqali qo‘shimcha daromad olish imkonini ham beradi, – dedi Jon Zaidiy.
Yakuniy bosqichning amalga oshirilishi natijasida “Yorqin xonadon” loyihasi 3 100 dan ortiq oila va ijtimoiy soha ob’ektini qamrab oladi. Shu tarzda tashabbus ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash, ularning energiya xarajatlarini qisqartirish va “yashil” energetikani rivojlantirishga qaratilgan amaliy mexanizmlardan biri sifatida davom etadi.
Energetika vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, “Acwa” kompaniyasi O‘zbekistonda 2019-yildan buyon faoliyat yuritadi. Kompaniya mamlakat energetika tarmog‘idagi asosiy investorlardan biri bo‘lib, uning uzoq muddatli ustuvor rivojlanishini qo‘llab-quvvatlamoqda. Hozirda O‘zbekiston “Acwa” uchun investitsiyalar hajmi bo‘yicha Saudiya Arabistonidan keyin ikkinchi bozorga aylangan.
Kompaniya mamlakatda umumiy quvvati 13,9 GVt va umumiy investitsiyalar hajmi 16,5 milliard AQSH dollariga teng 19 ta loyihani amalga oshirmoqda. Ushbu loyihalar shamol va quyosh energetikasi, energiya saqlash tizimlari, an’anaviy generatsiya hamda yashil vodorod yo‘nalishlarini o‘z ichiga oladi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA