Har kuni televizor qarshisiga o‘tirar ekanmiz, biror ko‘rsatuv yoki kinofilmni ko‘rib tugatgunimizcha uning orasida beriladigan reklama va ijtimoiy roliklardan zerikib ketamiz. Bu masala ijtimoiy tarmoqlarda, aholi o‘rtasida muhokamaga ham sabab bo‘lishi sir emas.
Ma’lumki, shu yilning 7 iyunida yangi tahrirdagi «Reklama to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilingan edi. Mazkur qonun 8 sentyabrdan boshlab kuchga kirdi. Unda reklama sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qator normalar o‘z ifodasini topgan.
Xususan, qonunda telekanallarda tarqatilayotgan reklamalarga oid bir qator tartib-qoidalar ham aks etgan. Ya’ni, telekanallar efirida, tele-, video, kinoxronikali dasturlarda tarqatilayotgan reklamaning umumiy davomiyligi ko‘rsatuv vaqtining bir soati davomida 20 foizdan, biroq bir sutkada ko‘rsatuv vaqtining 15 foizidan oshishi mumkin emas. Shuningdek, endilikda davomiyligi 10 daqiqadan kam bo‘lgan teleko‘rsatuvlarni reklama bilan uzib qo‘yishga va reklama bilan birga namoyish etishga ham yo‘l qo‘yilmaydi.
Bundan tashqari, reklamaning tili masalasi ham ko‘pgina muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Bu borada qonunning 6-moddasida O‘zbekiston Respublikasi hududida reklama O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida tarqatilishi belgilab qo‘yilgan. Reklama mazmunining tarjimasi esa qator talablarga rioya etgan holda boshqa tillarda takror berilishi mumkin. Ya’ni, reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni uning O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi asosiy ma’nosini buzib ko‘rsatmasligi, tashqi reklamalarda esa tarjima matni davlat tilidagi reklama matnining pastki qismida gorizontal holda joylashtirilishi va umumiy reklama maydonining 40 foizidan oshmasligi kerak. Shuningdek, reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni harfining o‘lchami davlat tilidagi matn harfining o‘lchamidan kichik bo‘lishi kerak.

Yangi qonunda reklama sohasida ayrim taqiqlanadigan holatlar ham belgilab qo‘yilgan. Masalan, davlat ramzlaridan — O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi, Davlat bayrog‘i tasviridan hamda Davlat madhiyasi ohangidan foydalanish yoki ularni aynan takrorlash taqiqlangan. Bundan tashqari, darsliklarda, maktab kundaliklarida, maktab daftarlarida va ta’limda foydalaniladigan boshqa bosma nashrlarda tovarlarni reklama qilish mumkin emas.
Ko‘pincha ko‘chalarda, katta yo‘l qatnovlarida tashqi reklama va bannerlarni, konstruksiyalarni yo‘lning qatnov qismigacha chiqarib o‘rnatish holatlarini kuzatamiz. Endilikda bu kabi holatlar ham taqiqlanadi.
Shuningdek, tashqi reklamani moddiy madaniy meros ob’ektlariga, yo‘l belgilariga va svetoforlarga, ularning tirgaklariga yoki harakatni tartibga solish uchun mo‘ljallangan boshqa har qanday qurilmaga o‘rnatish, bundan tashqari, tutash hududdagi obodonlashtirish elementlarini buzgan holda o‘rnatish taqiqlanadi.
— Qonun bilan reklama sohasidagi tartib-qoidalarning mustahkamlangani ijobiy hol, albatta. Ammo belgilangan me’yorlarga amal qilmaslik yoki ularni buzish holatlari yuz bersa, qanday javobgarlik bor?
— «Reklama to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 47-moddasida reklama to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar belgilangan, — deydi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi Umid Jabborov. — Masalan, ishlab chiqarilishi, realizatsiya qilinishi yoki reklama qilinishi qonunchilikda taqiqlangan yoki cheklangan mahsulot to‘g‘risida reklama tarqatganlik — bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Nomaqbul reklama berganlik, aksilreklamani berishni rad etganlik uchun esa BHMning 70 baravari miqdorida jarima solinadi. Energetik ichimliklar, alkogolli ichimliklar, tamaki mahsulotlarini hamda tamakini va nikotinni iste’mol qilish moslamalari, pirotexnika vositalari, qurol va uning o‘q-dorilari, harbiy maqsaddagi mahsulotlar reklamasiga doir talablar buzilsa, shuningdek, tashqi reklama va axborotni joylashtirish tartibi buzilsa, BHMning 50 baravari miqdorida jarima solinadi. Bundan tashqari, voyaga yetmaganlar uchun mo‘ljallangan reklamaga, dori vositalari, biologik faol va oziq-ovqat qo‘shimchalari, bolalar oziq-ovqat mahsulotlari reklamasiga doir talablarni buzganlik BHMning o‘ttiz baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Bir so‘z bilan aytganda, yangi tahrirdagi «Reklama to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni mazkur sohadagi barcha munosabatlarni tartibga solishga, iste’molchilarni noto‘g‘ri reklamadan himoya qilishga, reklama bozori ishtirokchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi. Unda mustahkamlangan me’yorlarga, huquq va majburiyatlarga so‘zsiz amal qilinishi esa turli e’tirozlarni bartaraf etishga zamin bo‘ladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA