«Telejurnalist» kitobining taqdimoti o‘tkazildi
Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, «Oltin qalam» milliy mukofoti sohibasi, zahmatkash jurnalist Saodat O‘rmonovaning «Telejurnalist» kitobi taqdimoti o‘tkazildi.
Taniqli jurnalistlar, olimlar va ijodkorning yaqin qarindoshlari ishtirokidagi tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov va boshqalar kitob muallifining ibratli hayot yo‘li, ijodiy yutuqlari haqida gapirdi. Kitobning sohaga kirib kelayotgan yoshlar hayotidagi ahamiyatiga to‘xtalindi.
– Televideniyeda ishlash oson emas, jurnalistika mashaqqatli yo‘l, – deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Eshqobil Shukur. – Ayniqsa, ayol kishi uchun. Chunki uchta bolani uyga tashlab mikrofon ko‘tarib safarlarda yurish, montaj jarayonlari cho‘zilib ketishi, efir ishi tufayli uyga kech qaytish holatlari bo‘ladi. Saodatning Saodat bo‘lishida ham turmush o‘rtog‘i va yaqinlarining qo‘llovi sabab, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Saodat sohani sevadi. Qariyb 30 yildan oshiq shu soha ichida yashab kelmoqda. Uning hayot yo‘li barchaga qiziq, xususan menga ham. Kitob nima uchun yaratiladi. Odamlarga arzigulik narsalar tuhfa etish uchun. Saodatning kitobida ham o‘quvchiga arzigulik narsalar talay.
[gallery-3822]
– Saodat opa tinimsiz harakatda, izlanishda, – deydi jurnalist Nozima Vohidova. – Hech qachon u kishining bekor o‘tirganini ko‘rmaganman. Doim shoshib yuradi, doim nima bilandir band. Jurnalist sifatida yoshlar Saodat opaning saboqlarini olishlari kerak. Ushbu kitob Saodat opaning qalb qo‘ri bilan yozilganiga aminman. Saodat opa ham ishni, ham oilani maromida olib borgan, havas qilsa arzigulik yutuqlarga erishgan ijodkorlardan biri. Irodali, tashabbuskor ayol sifatida boshidan ko‘p narsalarni o‘tkazdi. Sohaning qiyinchiliklarini o‘tadi. Bularni o‘qish kitobxonga ham qiziq, albatta. Men ham faoliyatim davomida ko‘zdan kechirganlarimni qog‘ozga tushirib boraman. Taqdimotdan so‘ng menda ham esdaliklarimni kitob holida chop etish istagi paydo bo‘ldi. Saodat O‘rmonova doim safarda bo‘ladi. Chekka-chekka hududlardan qahramonlar va efirga munosib kadrlar axtarib yuradi. U shunchaki ijod qilmaydi, tomoshabin bilimini oshirish, kayfiyatini ko‘taruvchi lavhalar qiladi.
Yangi chop etilgan kitobda ham ana shunday rang-barang jurnalistik qarashlar, xotira va lavhalarni kuzatish mumkin. Kitob «Ilm-ziyo-zakovat» nashriyotida Shuhrat Hayitov muharrirligida chop etilgan.
D.Mamatova, Muhammad Amin (foto), O‘zA