Tehronning yashirin kuchi: AQSHni xavotirga solayotgan strategiya
Yaqin Sharqdagi har bir raketa zarbasi, har bir sanksiya yoki diplomatik bayonot ortida bir haqiqat yotibdi: mintaqaning kelajagi ko‘p jihatdan Eron va AQSH o‘rtasidagi munosabat qanday shakllanishiga bog‘liq. Bugungi kunda bu raqobat ikki davlat o‘rtasidagi oddiy siyosiy kelishmovchilik emas, balki global xavfsizlik tizimi, energiya bozori va xalqaro kuch muvozanatiga ta’sir ko‘rsatayotgan geosiyosiy to‘qnashuvga aylandi.
Eronning mintaqadagi o‘rni joylashuvi va neft-gaz zaxirasiga bevosita bog‘liq. Fors ko‘rfazi sohilida joylashgan ushbu mamlakat xalqaro savdo yo‘li va energiya tashish tarmog‘ida muhim bo‘g‘inni nazorat qiladi. Binobarin, Tehronning ahamiyati faqat iqtisodiy omil bilan cheklanmaydi. Mamlakat diniy-siyosiy ta’sir doirasi, harbiy imkoniyati va ko‘p yillik tashqi siyosiy strategiyasi orqali ham qudratli davlatga aylangan.
Davlat boshqaruvi uslubi ham boshqa mamlakatlardan farq qiladigan Islom Respublikasida diniy tizim va respublika unsuri uyg‘unlashgan: eng muhim siyosiy va harbiy qarorlar Oliy rahbar orqali qabul qilinadi, Prezident va parlament esa muayyan vakolatga ega bo‘lsa-da, strategik masalada hal qiluvchi kuch hisoblanmaydi. Bunday tizim tashqi bosim sharoitida ichki barqarorlikni saqlashga xizmat qilsa-da, iqtisodiy muammo davlat oldidagi asosiy sinov bo‘lib turibdi.
So‘nggi yillarda AQSH sanksiyasi Eron iqtisodiyotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Milliy valyuta qadrsizlandi, inflyatsiya yuqori darajaga chiqdi, ishsizlik kuchaydi. Qiziq jihati shundaki, tashqi bosim kuchaygan sari Tehron tashqi siyosatda yanada faol harakat qilishga intilmoqda. Boshqacha aytganda Eron rahbariyati xavfsizlikni mamlakat chegarasida emas, balki mintaqaning turli nuqtalarida ta’minlashga harakat qilyapti.
Ayni yondashuv mamlakat tashqi siyosati asosiy konsepsiyasi – “Qarshilik o‘qi” strategiyasida yaqqol namoyon. Ushbu tizim Suriya, Livandagi Hizbulloh, Iroqdagi shia qurolli guruhlari hamda Yamandagi xusiylar kabi kuchlarni qamrab olgan. Tehron fikricha, ehtimoliy tahdid mamlakat hududiga yetib kelmasdan oldin to‘xtatilishi kerak. Bu strategiya bir vaqtning o‘zida ham mudofaa, ham ta’sir doirasini kengaytirish vositasi sifatida xizmat qilmoqda.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti “Xalqaro munosabatlar” kafedrasi tayanch doktoranti Fotima Nazarova Eron milliy xavfsizligini faqat o‘z hududida emas, balki mintaqadagi ittifoqchilari orqali himoya qilayotganiga e’tibor qaratgan. Bu fikr Tehron tashqi siyosati mohiyatini qisqa, ammo aniq ifodalaydi. Shu nuqtai nazardan Suriya va Iroq Eron uchun oddiy qo‘shni davlat emas, balki Livanga chiqishni ta’minlovchi strategik yo‘lak vazifasini bajaradi. Ayniqsa, Hizbulloh bilan aloqani saqlab turishda shu hudud hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ya’ni, AQSHning mazkur mamlakatlardagi harbiy ishtirokini Eron bevosita tahdid sifatida qabul qiladi.
Vashington esa vaziyatga mutlaqo boshqacha qaraydi. 1979-yilgi Islom inqilobidan keyin ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabat uzilgan va shundan buyon AQSH siyosatining asosiy yo‘nalishi Eron ta’sirini cheklash bo‘lib kelyapti. Ayni siyosat asosida bir necha maqsad yashirin: Tehron yadroviy qurolga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik, Isroil xavfsizligini ta’minlash, Fors ko‘rfazidagi strategik dengiz yo‘lini nazorat qilish va Eronga yaqin qurolli guruhlar faoliyatini cheklash.
Aslida Vashington va Tehron bahsi zamirida aynan xavfsizlik masalasi yotadi. Bir tomon o‘zini himoya qilish uchun o‘z ta’sir doirasini kengaytirish zarur, deb hisoblasa, ikkinchi tomon bu harakatni mintaqaviy barqarorlikka tahdid deya baholaydi. Natijada ikki davlat o‘rtasidagi raqobat butun Yaqin Sharqqa ta’sir ko‘rsatuvchi omilga aylangan.
Nega Eron va AQSH murosaga kela olmayapti?
Eron va AQSH munosabatidagi eng og‘riqli nuqta – yadroviy dastur masalasi. Holatni Vashington xavfsizlikka tahdid sifatida ko‘radi, Tehron esa davlat mustaqilligi va tashqi bosimga qarshi kafolat, deb baholaydi. Xullas, qarama-qarshilik markazida aynan uranni boyitish dasturi.
2015-yil imzolangan JCPOA – Yadroviy dastur bo‘yicha qo‘shma keng qamrovli harakat rejasi ko‘pchilik tomonidan o‘nlab yil davom etgan inqirozni yumshatishga qaratilgan tarixiy kelishuv sifatida baholangan edi. Hujjatga ko‘ra, Eron yadroviy faoliyatini cheklashi evaziga xalqaro sanksiya yumshatiladi. 2018-yil AQSH kelishuvdan chiqishi vaziyatni yana keskinlashtirdi. Tehron yana uranni boyitish darajasini oshirishga kirishdi va o‘zaro ishonch zaiflashdi.
– Tehron uranni boyitish darajasini oshirgach, “bosimga qarshi bosim” usuli shakllandi, – ta’kidlaydi Nazarova. – Endi har ikki tomon raqibini yon berishga majburlash uchun turli bosim vositalaridan foydalanmoqda.
Umuman, Eron yadroviy dasturini faqat qurol yaratish nuqtai nazaridan baholash manzarani to‘liq ifodalamaydi. Tehron yadroviy salohiyat tashqi harbiy aralashuv ehtimolini kamaytiruvchi strategik omil ekanini ta’kidlaydi. Buni ayrim tahlilchilar Shimoliy Koreya tajribasi bilan qiyoslaydi. Ya’ni, davlat raqibini harbiy kuch emas, ehtimoliy oqibat bilan tiyib turishga intiladi.
Raqobat faqat yadroviy texnologiya bilan cheklanmaydi. So‘nggi yillarda kurdlar omili ham geosiyosiy kurashning muhim jihatiga aylandi. AQSH Iroq va Suriya shimolidagi kurd kuchlari bilan hamkorlik qilib keladi. Rasmiy Vashington o‘z yondashuvini terrorizmga qarshi kurash zarurati bilan izohlaydi. Tehron esa bunday hamkorlik Eronning mintaqaviy ta’sirini cheklashga qaratilgan strategiya, deb o‘ylaydi.
Islom Respublikasi uchun hayotiy ahamiyatga ega geostrategik yo‘lak hisoblanadigan Iroq – Suriya – Livan yo‘nalishi orqali Tehron o‘z ittifoqchilari bilan aloqani ushlab turadi. Ushbu hududlardagi har qanday o‘zgarish Eron tashqi siyosatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Kurdlar bilan hamkorlik esa AQSHga shu yo‘lakni nazorat qilish imkonini beradi.
Bugungi kunda tomonlar o‘rtasida shakllangan munosabatni shartli ravishda “bosim orqali muzokara” deya atash mumkin. Eron yadroviy faoliyatini kengaytirish orqali o‘z pozitsiyasini mustahkamlashga harakat qilmoqda. AQSH esa iqtisodiy sanksiyani saqlab qolish va mintaqaviy bosimni kuchaytirish orqali Tehronni muzokara davrasiga qaytarishni ko‘zlamoqda.
Xo‘sh, vaziyat qaysi tomonga buriladi?
Tahlilchilar uch asosiy taxminni ilgari surmoqda. Birinchi yo‘l – holatni diplomatiya yo‘li bilan yumshatish. Bunda yadroviy kelishuv yangilanishi va sanksiya qisman bekor qilinishi ehtimoli mavjud. Ikkinchi reja – harbiy keskinlashuv. Isroil yoki AQSH tomonidan Eron yadroviy ob’ektlariga zarba berilishi butun mintaqani yangi inqiroz girdobiga tortishi mumkin. Uchinchi va ehtimoli yuqori faraz esa bilvosita to‘qnashuv davom etadi. Ya’ni, raqobat ittifoqchilar orqali davom ettiriladi.
Hozircha aynan shu taxmin ishonchli ko‘rinmoqda, chunki Vashington ham, Tehron ham ochiq harbiy to‘qnashuv oqibati juda og‘ir kelishini yaxshi anglaydi. Qolaversa, ikki davlatning strategik maqsadi hanuz bir-biriga zid.
Demak, Eron – AQSH qarama-qarshiligi nafaqat ikki davlat taqdiriga, balki Yaqin Sharqdagi kuchlar muvozanati, xalqaro xavfsizlik tizimi va jahon energetika bozoriga ta’sir qiluvchi asosiy geosiyosiy masala bo‘lib qolaverishi ehtimoli yo‘q emas.
Musulmon Ziyo, O‘zA