Teatrlar maxsus yuk avtomobillariga ega bo‘ldi
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatriga tutashgan maydonda davlat teatrlariga maxsus yuk avtomobillarini topshirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat teatrlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularning faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Prezidentimizning 2022 yil 2 fevraldagi “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga tegishli ilovada davlat teatrlarini yuk avtomobillari bilan ta’minlash vazifasi belgilangan. Ushbu hujjatda ko‘zda tutilgan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda 15 ta davlat teatrlariga maxsus yuk avtomobillari tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirda ishtirok etgan teatr vakillari davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar ularning ish faoliyati samaradorligini oshirish, aholini teatr san’atiga oshno qilishning muhim omili ekanligini ta’kidladi.
N.Usmonova, O‘zA