Teatr sohasidagi xalqaro hamkorlik
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida Xalqaro teatrlar konfederatsiyasi uyushmasi xodimlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda mazkur vazirlik axborot xizmati ma’lum qilmoqda.
Xalqaro teatrlar konfederatsiyasi uyushmasi mas’ul kotibi Irina Kozak, MDH davlatlari bilan ishlash bo‘yicha koordinator Yekaterina Cheremina, uyushma texnik direktori Stepan Levankov hamda vazirlik tashkiliy qo‘mitasi a’zolari ishtirok etgan uchrashuvda 2021 yil 30 noyabrdan 7dekabrga qadar Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan MDHning ishtirokchi, Boltiqbo‘yi va Gruziya davlatlarining IV “Yoshlar teatri san’ati” forumini o‘tkazishga doir masalalar muhokama etildi.
Ta’kidlash kerakki, "Yoshlar teatr san’ati" forumi xalqaro miqyosda sahna san’ati bo‘yicha kechayotgan ijodiy jarayonlar, yangiliklar bilan tanishishda, o‘zaro fikr va tajriba almashishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, Xalqaro teatrlar konfederatsiyasi uyushmasi va MDH vakillari madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bilan ham uchrashib, forumga oid tashkiliy masalalar yuzasidan muzokara olib bordi.
Aytish joizki, mazkur forum ilk marotaba 2012 yil iyun oyida Kishinyov(Moldova)da, 2015 yil noyabr oyida Minsk (Belarus)da, 2018 yil may oyida Yerevan (Armaniston)da o‘tkazilgan.
N.Usmonova, O‘zA