Joriy yil 14-15 oktyabr kunlari Toshkentda Turkiy davlatlar tashqi siyosiy tadqiqotlar markazlarining navbatdagi, sakkizinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv TDT maydonida savdo-iqtisodiy kooperatsiya va transport-logistika bog‘liqligini rivojlantirish masalasiga bag‘ishlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan mamlakatimizda ilk bor tashkil etilayotgan ushbu ekspertlar uchrashuvida Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkiya va Vengriyadan yetakchi tahliliy markazlar mutaxassislari, shuningdek Turkiya savdo-sanoat palatasi va TDT Kotibiyati mas’ullari - jami 60 dan ziyod vakil ishtirok etadi.
Forumga transport-logistika kompaniyalari rahbarlari, xalqaro ekspeditorlar, avtotashuvchilar, logistika uyushmalari vakillari, mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari, jumladan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya, Toshkent davlat sharqshunoslik, Toshkent davlat transport universitetlari olimlari, mutaxassislari ham taklif etilgan.
Tadbirda turk mamlakatlarining savdo-iqtisodiy hamkorligi istiqboli, transport-kommunikatsiya bog‘liqligini rivojlantirish, energetika, sanoat, qishloq xo‘jaligi, savdo sohalariga innovatsion texnologiya va raqamli ishlanmalarni joriy qilish bo‘yicha sheriklikni faollashtirish masalalari muhokama qilinadi.
Dasturga ko‘ra, TDTga a’zo mamlakatlar tahliliy markazlari o‘rtasida o‘zaro anglashuv Memorandumini imzolash ko‘zda tutilgan. Ushbu hujjat turli sohalarda hamkorlikni faollashtirish mexanizmini ishlab chiqish, tuzilma faoliyatini ekspertlar tomonidan qo‘llab-quvvatlash jarayonini chuqurlashtirishga qaratilgan.
Shu bilan birga savdo-iqtisodiy kooperatsiya, transport-kommunikatsiya bog‘liqligi va iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish sohalarida hamkorlikni kengaytirishga doir tavsiyalarni o‘z ichiga olgan yakuniy hujjat ham qabul qilinadi.
Tadbir 11 noyabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tadigan, turkiy davlatlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishi kutilayotgan TDTning oliy darajadagi birinchi sammiti arafasida o‘tkazilmoqda.
2022-2026 yillarga mo‘ljallangan TDT strategiyasi qabul qilinishi davlat rahbarlari uchrashuvining muhim voqeasi bo‘ladi. Ayni dam ushbu hujjatni tayyorlash faol bosqichga kirgan.
Eslatib o‘tamiz, TDTga a’zo va kuzatuvchi davlatlar tashqi siyosiy tadqiqotlar markazlari Majlisi 2009 yildagi Turkiy kengashni ta’sis etish to‘g‘risidagi Naxichevan kelishuvi qoidalariga muvofiq, 2015 yilda ta’sis etilgan.
O‘zbekiston 2019 yildan buyon tashkilot faoliyatida ishtirok etib kelmoqda. O‘tgan qisqa davr ichida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan tuzilma doirasida hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan 30 dan ziyod tashabbus, taklif ilgari surildi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun Turkiy davlatlar savdo hamkorligi tadqiqot markazi tashkil etish, TDT doirasida a’zo mamlakatlarning transport sohasidagi bog‘liqligi dasturini qabul qilish, doimiy faoliyat yurituvchi Ekspertlar va IT-mutaxassislar platformasini shakllantirish shular jumlasidan.
O‘zA