TDT Samarqand sammiti: yangicha ustuvorlik va imkoniyatlar
Samarqand bu yil ikkita oliy darajadagi tadbir – Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlariga mezbonlik qildi. Har ikki anjuman doirasida kechgan uchrashuv va muzokaralar natijasiga ko‘ra, a’zo mamlakatlar umumiy muammolarni hal qilish bo‘yicha birgalikdagi hatti-harakatlarning aniq rejasini belgilab, faoliyatni takomillashtirish bo‘yicha muhim hujjatlar qabul qilishdi.
Samarqand qariyb uch oy muddatga xalqaro muloqot va hamkorlik, muhim siyosiy, iqtisodiy qarorlar chiqaradigan markazga aylandi.
Xususan, Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti Istanbul sammitidan keyin, qolaversa, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi to‘laqonli Tashkilotga aylangandan so‘ng turkiy davlatlar rahbarlarining keng tarkibdagi ilk uchrashuvi bo‘ldi.
2019 yil oktyabrda ushbu tuzilmaning to‘laqonli a’zosiga aylangan O‘zbekiston turkiy davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirishni tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishi etib belgilagan. Mamlakatimiz mazkur ahil oilaga qo‘shilgach, qisqa davr ichida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan sheriklikni yanada mustahkamlashga ko‘maklashishga qaratilgan 30 dan ziyod tashabbus va taklif ilgari surildi.
Jumladan, 570 dan ziyod milliy va xorijiy OAV orqali yoritib borilgan Samarqanddagi uchrashuvga ham mamlakat ichida, ham xorijda katta qiziqish bildirilgani bejiz emas. Ushbu sammit TDTning istiqbolli xalqaro tuzilma sifatidagi rolini yanada kuchaytirishga xizmat qilganini butun dunyo kuzatib bordi.
Anjuman mavjud ulkan salohiyatni qay tarzda yuzaga chiqarish, belgilangan strategik ustuvor maqsadlarga erishish uchun qanday aniq mexanizmlarga tayanish mumkinligiga oid savollarga javob berdi.
O‘tgan yil Istanbul sammitida qabul qilingan “Turkiy dunyo nigohi — 2040” konsepsiyasining amaliy o‘lchami qanday bo‘lishi ham oydinlashdi. O‘sha hujjatda turkiy xalqlar aholisi 170 million kishini tashkil etuvchi 4,5 million kvadrat metrlik keng makonda umumiy uy barpo etish g‘oyasiga sodiq ekani tasdiqlangan edi.
TDT mamlakatlarining 1,2 trillion dollardan ko‘proq YAIM jahon yalpi ichki mahsulotining salkam 1.5, Osiyo YAIMning 5.5 foizini tashkil etadi. Binobarin, real salohiyati ancha yuqori bo‘lgan TDT doirasida erishilgan ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik darajasi istiqbolli kelajakka rag‘bat uyg‘otmoqda. Iqtisodchilar hisob-kitobicha, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanilsa, tovar aylanmasi vaqt o‘tishi bilan yuzlab milliard dollarga chiqishi mumkin. Bu turkiy dunyo iqtisodiyoti o‘sishi, xalqlarimiz farovonligi oshishiga xizmat qilishi shubhasiz.
Davlatimiz rahbari bir necha bor ta’kidlaganidek, faol rivojlanish va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlarni topish TDT ustuvorligiga aylanishi kerak. Shu nuqtai nazardan, yurtimizdagi yetakchi sanoat korxonalari, investitsiya kompaniyalari, bank-moliya institutlari va tadbirkorlar o‘rtasida kooperatsion aloqani mustahkamlash, hududlararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarur. Bunga O‘zbekiston yetakchisi tomonidan taklif qilingan TDT Taraqqiyot banki tuzilishi muhim asos bo‘lishi mumkin.
Turkiy davlatlar birdamligini mustahkamlash yo‘lida yangi mintaqaviy yo‘laklar ochish, logistika infratuzilmasini rivojlantirish, quruqlikdagi yo‘llar va dengiz portlarini dunyo bozori bilan bog‘lovchi yagona transport makonini shakllantirish alohida e’tiborga molik masala hisoblanadi.
Prezidentimiz tomonidan TDT mamlakatlarining transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqligi dasturlari ham ayni vazifani hal etishga qaratilgan.
Turkiy davlatlar transport bog‘liqligi rivojlanib, o‘zaro savdo hajmi kengayishi bilan global bozorga keng yo‘l ochiladi. Natijada iqtisodiy va ijtimoiy integratsiya darajasi ko‘tariladi, Tashkilotning uzoq muddatli strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishiladi.
Yangi tahdidlar ortib borayotgan hozirgi zamonda turkiy davlatlar birdamligini mustahkamlash davr talabiga aylandi. Mustahkam birlashuv orqali zamonaviy tahdid, xatarlarga qarshi kurashish, umumiy manfaatlarni ilgari surish, mavjud muammolarni hal qilish yengilroq kechadi.
Bir so‘z bilan aytganda, Samarqand sammiti nufuzli va zarur mintaqaviy tuzilma, xalqaro munosabatning zamonaviy tizimidagi muhim vosita sifatidagi maqomini mustahkamlashda davom etayotgan TDT taraqqiyotini ta’minlash yo‘lida muhim bosqich bo‘ldi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o‘ziga xos diplomatiyasi, hayotiy tashabbuslari tufayli yaratuvchan “Samarqand ruhi” turkiy davlatlar hamkorligi rivoji, yuksalishida hal qiluvchi o‘rin tutdi, desak aslo mubolag‘a emas.
Sherbek Usmonov,
“O‘zagrosug‘urta” AJ Namangan viloyati
filiali boshqaruvchisi