TDT Ostona sammitida ham O‘zbekiston ilg‘or tashabbuslarni ilgari surdi
Ma’lumki, joriy yil 2-3 noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev taklifiga binoan, amaliy tashrif bilan Ostona shahrida bo‘lib Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi.
O‘zA muxbiri ushbu muhim tashrifning yakunlari, xususan anjumanda ilgari surilgan takliflar, muhokama markazida turgan mavzular yuzasidan siyosiy fanlar doktori Farxod Tolipov bilan suhbatlashdi.
– Farxod aka, fikringizcha, Turkiy davlatlar tashkilotining boshqa xalqaro tuzilmalardan farqi nimada? Qolaversa, Ostona sammiti qaysi jihatlari bilan yodda qoladigan bo‘ldi?
– Bilasizmi, TDT o‘ziga xos milliy yakdillik asosida tuzilgan tashkilot bo‘lib, aynan turkiyzabon xalqlar va mamlakatlarni birlashtirishga xizmat qilib kelmoqda. Dastlab yig‘inlari konferensiya shaklda o‘tkazib kelingan Turkiy davlatlar tashkiloti mustaqil tuzilma hisoblanmagan, formati, maqomi turkiy tilli mamlakatlar kengashi sifatida tasniflangan. 2009 yil 3 oktyabrda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini tuzish to‘g‘risidagi “Naxchivan shartnomasi”ga muvofiq shakllangan tuzilmaning asosiy maqsadi mamlakatlar o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish etib belgilangan. O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar kengashiga rasman 2019 yil sentyabr oyida a’zo bo‘ldi.
Ayni payt tashkilot xalqaro maydonda munosib ovoziga, mavqeiga ega bo‘lib, dolzarb muammolar yuzasidan muntazam chiqishlar qiladi.
Yaqinda Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan TDT sammiti ham o‘ziga xos tarixiy bir sharoitda o‘tkazildi. Sababi, bugungi globallashuv davrida xalqaro maydonda jiddiy geosiyosiy burilishlar sodir bo‘lmoqda. Ko‘pgina davlatlarda xavfsizlikka nisbatan tahdid tobora kuchaymoqda.
E’tiborli tomoni, turkiy davlatlar ham bu jarayonning bevosita ishtirokchilaridir. Masalan, Turkiya Yaqin Sharqda joylashgan, Ozarbayjon esa Markaziy Osiyo bilan transqit’aviy, transmilliy va mintaqaviy bog‘lanish bo‘g‘inida joylashgan, ya’ni Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bog‘lovchi transport yo‘laklari o‘rtasidagi nufuzi yaqqol sezilmoqda.
Shu o‘rinda bir jihatga e’tibor qaratish kerak: Markaziy Osiyo xalqaro tizimda alohida va juda muhim mintaqa sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Ma’lumki, so‘nggi yillarda “S5+” formatlari soni keskin ortdi. Hatto, Prezident Shavkat Mirziyoyev ham shu yil sentyabr oyida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh assambleyasida chiqish qilib, ushbu formatlarga alohida to‘xtaldi.
Binobarin, bugungi geosiyosiy voqealar asnosida Markaziy Osiyo mamlakatlari va boshqa turkiy davlatlar tomoshabin bo‘lib turmayapti, jarayonlarda faol qatnashib, dadil fikrlar bildirmoqda.
– Davlatimiz rahbari Ostona sammitda so‘zlagan nutqida ilgari surgan taklif, tashabbuslar haqida fikringizni bilmoqchi edim.
– Darhaqiqat, Ostona sammitida tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlari ko‘p tomonlama va uzoq muddatli aloqalarni yanada kengaytirishga qaratilgan qator taklif, tashabbuslarni bayon etishdi. Ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan turkiy xalqlarning birdamligini, buyuk o‘tmishi va boy madaniyatini, azaliy umumiy qadriyatlarimizni ifoda etadigan Turkiy dunyo xartiyasini ishlab chiqish kerakligi to‘g‘risidagi tashabbus ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi.
Masalan, Yevropa Ittifoqi xartiyasi ham bor. Xartiya, soddaroq aytganda, muayyan tashkilotning konstitutsiyasi, jipslashtiruvchi, yakdil qarashlarga asos soluvchi, yuksak g‘oyalarni mujassam etuvchi asosiy hujjatdir.
Turkiy davlatlarning o‘zaro siyosatini muvofiqlashtirib borish harakati va istiqboli mana shu xartiyada jamlanadi.
Qolaversa, O‘zbekiston yetakchisi sohaviy aniq takliflarni ham ilgari surdi. Masalan, o‘zaro savdo aloqalarini yanada faollashtirish, global logistika zanjirini, transport yo‘laklarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish, yagona tranzit tarmog‘ini shakllantirish, xususan, Temir yo‘l idoralari kengashini ta’sis etish, tuzilma direksiyasini yurtimizda joylashtirishni taklif etdi.
Ma’lumki, qanday xalqaro anjuman bo‘lmasin, davlatimiz rahbari ekologiya masalasiga albatta to‘xtalib o‘tadi. Mazkur sammitda ham ushbu global mavzu ko‘tarildi. Prezidentimiz o‘z nutqida Afg‘oniston masalasiga ham alohida to‘xtalib, afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatishni susaytirmaslikka, bu yurtdagi o‘tkir ijtimoiy muammolarni hal etishga qaratilgan aniq mexanizmlar ishlab chiqishga chaqirdi. Shuningdek, Yaqin Sharqdagi xavotirli vaziyat haqida gapirib, “Falastin – Isroil muammosining yagona va eng adolatli yechimi – nizoni “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida hal etishdir”, dedi.
Yig‘ilish davomida Shavkat Mirziyoyevga turkiy xalqlar oilasi birligini mustahkamlash, mamlakatlarimiz manfaati va qarashini xalqaro maydonda faol ilgari surishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun yuksak mukofot – “Turkiy dunyoning oliy ordeni” tantanali suratda topshirildi. Bu tashkilot doirasida O‘zbekiston rahbariga nisbatan yuksak ishonch va e’tiborni anglatadi.
Xulosa shuki, TDT dunyoda sodir bo‘layotgan voqealarga ko‘z yummasdan, jiddiy va prinsipial fikrlar bildirmoqda. Ushbu fakt tashkilot zamon bilan hamnafas dadil qadam tashlayotgani, xalqaro maydonda obro‘si oshib borayotganidan dalolatdir.
O‘tkir Alimov suhbatlashdi.
O‘zA