O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomli Ozarbayjon Madaniyat markazi tashabbusi va loyihasi bilan Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Turk tili fakulteti qoshida ozarbayjon tili bo‘limini tashkil etish bo‘yicha ish olib borilmoqda.
Shu munosabat bilan TDSHU rektori Gulchehra Rixsiyeva markaz direktori Samir Abbosov bilan uchrashdi.

Tadbirda ayni masalaga aloqador istiqbolli rejalar muhokama qilinib, atroflicha fikr almashildi. Bu borada O‘zbekiston va Ozarbayjon tomonining qo‘llab-quvvatlovi zarurligi qayd etildi.
Gulchehra Rixsiyeva ikki davlat rahbarlari sa’y-harakati tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabat yuksak darajaga ko‘tarilgani, jumladan, ta’lim sohasida ham sezilarli yutuqlarga erishilganini ta’kidladi. Binobarin, 2020 yil ushbu oliy o‘quv yurtida Turk tili fakulteti tashkil etilib, ayni payt muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Rektor endi mazkur ta’lim dargohida ozarbayjon tilini ham o‘rgatish rejalashtirilayotganiga urg‘u berib, bu yo‘nalishda Ozarbayjon tomonining tegishli yordami zarurligini e’tirof etdi.

Qayd etilishicha, 2023 yil fevral oyidan boshlab Ozarbayjon tili bo‘yicha sinov tariqasidagi mashg‘ulotlar boshlanadi, yangi o‘quv yili uchun qabul e’lon qilinadi. Darslar rasmiy ravishda sentyabr oyidan o‘tila boshlashi nazarda tutilgan.
O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomli Ozarbayjon Madaniyat markazi direktori Samir Abbosov ozarbayjon tilini o‘qitish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagani uchun Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti jamoasiga minnatdorlik bildirdi. Markaz dars o‘tish uchun zarur ko‘rgazmali qurollar, nashrlar, shuningdek o‘qituvchi, mutaxassislar bilan ta’minlashda tegishli yordam ko‘rsatishiga ishonch bildirdi.

Diplomat suhbat davomida keyingi yil Ozarbayjon xalqining buyuk farzandi, Umummilliy yetakchi Haydar Aliyevning 100 yilligi keng nishonlanishi, 2023 yil Prezident Ilhom Aliyev farmoni bilan mamlakatda “Haydar Aliyev yili” sifatida e’lon qilinganini aytdi.
U Buyuk rahbar Haydar Aliyevning Ozarbayjon – O‘zbekiston do‘stligini mustahkamlash, davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatni yuksak saviyaga ‒ strategik hamkorlik darajasiga ko‘tarishdagi beqiyos xizmatlarini inobatga olib, yangi ochilajak bo‘lim tinglovchilari uchun ajratilgan auditoriyaga Haydar Aliyev nomini berishni taklif qildi. Ushbu taklif universitet jamoasi tomonidan qabul qilindi.

S.Abbosov “Haydar Aliyev auditoriyasi”ni jihozlash, xonaning ko‘p funksiyali tuzilmasini shakllantirish, xos kutubxona yaratish, til o‘rgatilishini yo‘lga qo‘yish, ochiq dars, onlayn ma’ruzalar o‘tkazish, Ozarbayjonning yutuqlari, tarixi, davlatchiligi, milliy madaniyati haqida burchaklar tashkil etish, hujjatli va badiiy filmlar zaxirasi bilan ta’minlashda markaz amaliy ko‘mak berishini ta’kidladi.
Dipolomat Ozarbayjon tilini o‘rganish maqsadida mutaxassislar tomonidan maxsus onlayn portal ochish, shuningdek, nashrlar chop etish bo‘yicha ish olib borilayotgani bildirdi. Yaqin orada yakunlanadigan loyiha fakultet faoliyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi urg‘ulandi.
Uchrashuv doirasida mashg‘ulotlarga mo‘ljallangan binolar, shuningdek turk tili fakultetida talaba va professor-o‘qituvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda kutubxona ko‘zdan kechirildi. Ozarbayjon tili darslari o‘tkaziladigan “Haydar Aliyev auditoriyasi” uchun maxsus zal tanlandi.
G‘.Xonnazarov, O‘zA