O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomli Ozarbayjon madaniyat markazi, Nizomiy nomli Toshkent davlat pedagogika universiteti va O‘zbekiston – Ozarbayjon do‘stlik jamiyati hamkorligida "Haydar Aliyev – "Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik munosabati va strategik sheriklik asoschisi" mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.
TDPUda bo‘lib o‘tgan anjuman ishtirokchilari universitetda Ozarbayjon madaniyat markazi tomonidan tashkil etilgan Haydar Aliyev suratlari va nashrlari ko‘rgazmasi bilan tanishdilar.

Oliy o‘quv yurti rektori, professor Abdug‘affor Qirg‘izboyev Haydar Aliyev shaxsi nafaqat Ozarbayjon, balki O‘zbekiston uchun ham juda qadrli, buyuk ekanini ta’kidladi.
Markaz direktori Samir Abbosov Umummilliy yetakchining xalq manfaati va kelajagini ta’minlash istagi, turkiy olam haqidagi qarashlari, O‘zbekiston bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishdagi xizmati haqida gapirdi.

Xalqaro munosabatlar va xorijiy davlatlar bilan do‘stona aloqalar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Zafarbek Axmedov, Mirzo Ulug‘bek nomli O‘zbekiston Milliy universiteti professori, falsafa fanlari doktori Jamila Shermuhammedova Ozarbayjon bilan munosabat O‘zbekiston uchun doimo ustuvor bo‘lib kelgani, bu munosabat mustahkam poydevorga ega ekanini ta’kidlab, bugungi davlat rahbarlari Ilhom Aliyev va Shavkat Mirziyoyev mavjud an’anani muvaffaqiyatli davom ettirishayotganiga urg‘u qaratdi.

Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi deputati, akademik Nizomiy Jafarov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati Gulbahor Saidg‘aniyeva milliy yetakchining ijtimoiy-siyosiy faoliyatiga to‘xtalishdi.

Boku davlat universiteti Arxeologiya va etnografiya kafedrasi mudiri, dotsent Karam Mammedov, TDPU professori, tarix fanlari doktori Abror Hazratqulov va yozuvchi-tarjimon Boboxon Muhammad Sharif adabiyot, san’at va ilm-fan yo‘nalishlarida ham davlatlarimiz o‘zaro munosabatida ajoyib yutuqlar qo‘lga kiritilayotganini qayd qilishdi.

Anjumanning faol tashkilotchilari va ishtirokchilari Xalqaro munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona aloqalar qo‘mitasi hamda O‘zbekiston – Ozarbayjon do‘stlik jamiyatining faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.

Tadbirning badiiy qismida universitetning "Oltin meros" ansambli a’zolari o‘zbek va ozarbayjon musiqalarini ijro etishdi.
Ozarbayjon va O‘zbekiston xalq artisti Gulyanog‘ Mammedova yig‘ilganlarga ozarbayjon va o‘zbek musiqiy durdonalaridan namunalar taqdim etdi.
G‘.Xonnazarov,
O‘zA