TDMATU Xitoy bilan innovatsion energetika bo‘yicha hamkorlik o‘rnatdi
Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti Xitoy – Markaziy Osiyo energetika va elektr ta’minoti innovatsion alyansi (“China-Central Asia Energy Power Innovation Alliance”) a’zoligiga qabul qilindi.
Bu haqda O‘zAga xabar bergan oliy ta’lim muassasasi matbuot xizmatiga ko‘ra, universitet rektori, professor Rasul To‘rayevning Xitoy Xalq Respublikasidagi xizmat safari mazkur oliy ta’lim dargohining xalqaro ilmiy makondagi mavqeini mustahkamlab, global akademik tarmoqlarga integratsiyalashuvi yo‘lida muhim strategik qadam bo‘ldi.
– Viloyatda zamonaviy ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalari uchun malakali mutaxassislar tayyorlayotgan universitet O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari orasida birinchi bo‘lib, mazkur nufuzli xalqaro platformaning to‘laqonli a’zosiga aylandi, – deydi Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti matbuot xizmati rahbari Zahriddin To‘rayev. – Bu voqeani safarning yirik amaliy natijalaridan biri sifatida baholasa arziydi.
Safar chog‘ida Rasul To‘rayev ilmiy hamkorlikni kengaytirish yuzasidan muzokaralar olib borib, Shimoliy Xitoy energetika universiteti (North China Electric Power University) rektori, professor Bi Tyanshu bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida oliy ta’lim muassasalarining ikki tomonlama aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish masalalari atroflicha muhokama etilib, energetika yo‘nalishida ilg‘or ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish uchun qo‘shma ilmiy-amaliy laboratoriyalar tashkil etish bo‘yicha kelishuv tuzildi.
Prezidentimizning 2024-yil 18-iyuldagi qaroriga muvofiq Surxondaryo viloyatida tashkil etilgan Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti muhandislik, qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalari uchun oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlaydi. Joriy yilda ikki mingga yaqin talaba ana shu yo‘nalishlarni bitirib, mamlakatimizning turli hududlaridagi ishlab chiqarish, xizmatlar ko‘rsatish sohalari va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida ish boshlaydi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri