Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida talaba-yoshlarda vatanparvarlik, fidoyilik va millatparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar izchil davom ettirilmoqda. Xususan, universitet rahbariyati tomonidan madaniyat va san’at muassasalari, muzeylar va teatrlar bilan hamkorlikda talaba-yoshlarning dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qiluvchi qator dasturlar ishlab chiqilgan.
Ana shunday tashabbuslardan biri sifatida, joriy yilning 7 oktyabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talaba-yoshlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi “Shon-sharaf” davlat muzeyiga ekskursiya tashkillashtirildi.

Mazkur ekskursiya talaba-yoshlarning milliy armiyamiz tarixiga, ajdodlarimiz ko‘rsatgan qahramonlik va fidoiylik namunalariga bo‘lgan hurmatini yanada oshirishga xizmat qildi.
Muzeydagi eksponatlar orqali talabalar ikkinchi jahon urushi yillarida o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, frontda ham, front ortida ham mardlik va sadoqat ko‘rsatgan yurtdoshlarimizning jasoratli hayoti bilan yaqindan tanishdilar.
Muzey xodimlari tomonidan berilgan ma’lumotlar talaba-yoshlarda chuqur taassurot uyg‘otib, ular xalqimizning ozodlik yo‘lidagi kurashi, tinchlik va osoyishtalik uchun qilgan fidoyiliklari to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Tashrif davomida talaba-yoshlar “Shon-sharaf” davlat muzeyi, “Mangu jasorat” va “Matonat madhiyasi” monumentlari hamda tarixiy-badiiy ekspozitsiyalarni o‘z ichiga olgan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasini tomosha qildilar.
“Shon-sharaf” davlat muzeyiga tashrifimiz biz uchun beqiyos taassurotlar ulashdi — har bir eksponat orqali Vatan himoyachilarining jasorati, xalqimiz matonati va tinchlik qadrini yanada chuqurroq his etdik” deya o‘z taassuroti bilan o‘rtoqlashdi, TDIU birinchi bosqich talabasi Isabek Abatov.
Qolaversa, bunday tashriflar yosh avlodda yurtga mehr va mas’uliyat tuyg‘usini yanada kuchaytiribgina qolmay, ularni tinchlik va mustaqillikning naqadar bebaho ekanligini anglashga, jamiyatda faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lishga undaydi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida ma’naviy-ma’rifiy ishlar shu tariqa, muntazam davom etmoqda. Talabalar uchun tashkil etilayotgan bunday tadbirlar ularning ijtimoiy faolligini oshirish, vatanparvarlik va g‘urur hissini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.
Universitet rahbariyati bundan buyon ham talaba-yoshlar bilan ishlash, ularning fuqarolik ongi va milliy g‘ururini mustahkamlash yo‘lida izchil faoliyatni davom ettirishni maqsad qilgan.
M.Eshmirzayeva, O‘zA