Buxoroda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining ijrosi masalasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi, Fransiya texnik hamkorlik va taraqqiyoti agentligi ASTED ning mamlakatimizdagi filiali va bir qator tashkilotlar tomonidan o‘tkazilgan tadbirda davlat organlari, nodavlat tashkilotlar, xususiy sektor vakillari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Davra suhbatida viloyat hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi, viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Feruza Ibragimova qatnashdi.
Ta’kidlanishicha, viloyatda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligi hamda davlat boshqaruvida ishtirokini oshirish maqsadida 4 mingdan ziyod faol xotin-qizlardan iborat kadrlar zaxirasi shakllantirilgan. Hozirgi kunda ularni turli rahbarlik lavozimlariga tayyorlash bo‘yicha tizimli o‘quvlar tashkil etilmoqda. 1 nafar ayol ichki ishlar boshqarmasi tizimida, 1 nafar ayol hokim lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. 2 ming nafardan ortiq xotin-qizlar turli darajadagi rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda.
bugungi kunda viloyatda 24 nafar Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari, 38 nafar “Mahalla iftixori”, 30 nafar “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan ayollar turli sohalarda faoliyat ko‘rsatmoqda. Faol xotin-qizlarni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasida “Ayollar klubi” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
2019 yil dekabr oyida Parlamentga va mahalliy kengashlarga o‘tkazilgan saylov natijalariga ko‘ra viloyatda Oliy Majlis hamda mahalliy kengashlarga 117 nafar ayollar deputatlikka saylangan. Shundan, 3 nafari Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga, 19 nafari viloyat, 98 nafar ayol shahar va tumanlar xalq deputatlari kengashiga saylangan.
Viloyatdagi rahbar ayollar, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari va boshqa davlat mukofotlari bilan taqdirlangan faol xotin-qizlardan iborat ishchi guruhlar tashkil etilgan. Tuzilgan ishchi guruhi tomonidan 800 dan ortiq oilalardagi 951 nafar xotin-qizlar bilan jamiyatda ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha tushuntirish, targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi va hududiy bo‘limlari tomonidan xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, karantin davrida bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida “Buvijonim liboslari” ko‘rik-tanlovi hamda umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va oliy ta’lim tizimi talaba-qizlari o‘rtasida “Men o‘zbek qiziman” mavzusida onlayn ko‘rik-tanlovlar tashkil etilgan.
[gallery-2490]
Viloyatda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan 24 nafar xotin-qizlarning har biriga 10 tadan iqtidorli hamda huquqbuzarlik va jinoyatchilikka moyilligi bo‘lgan qizlar biriktirilgan. Ular bilan muntazam tizimli ishlar olib borish yo‘lga qo‘yilgan.
– Davra suhbatining asosiy maqsadi fuqarolik jamiyati institutlari va davlat hokimiyati organlarining sa’y-harakatlarini birlashtirish, – deydi Respublika Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazining gender masalalari bo‘yicha eksperti Venera Ermetova. – Idoralararo hamkorlikni rivojlantirish, genderga asoslangan zo‘ravonlik muammosini hal qilishda yagona yondashuvni ishlab chiqish, gender zo‘ravonlikka qarshi kurashning mavjud mexanizmlarini optimallashtirish maqsadida qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. Loyiha Buxoro, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona viloyatlarida amalga oshirilmoqda.
Viloyatda oiladagi zo‘ravonlikka javoban choralarning amalga oshirilishi: muammolar va yechimlar mavzusida viloyat ichki ishlar bosh boshqarmasining huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Dilfuza Sharopova axborot berib o‘tdi.
Unda viloyatda xotin-qizlarga berilgan himoya orderi to‘g‘risida tushunchalar berib o‘tdi. Shuningdek, zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markazlari faoliyati haqida to‘xtalib o‘tdi. Mazkur markazlarga oilada zo‘ravonlikka uchragan fuqarolar murojaati qay tartibda amalga oshirilishi bilan davra suhbati qatnashchilarini tanishtirdi. Markazlarda ko‘rsatilayotgan huquqiy, psixologik, tibbiy, moddiy yordam hamda kasbga yo‘naltirishlar bo‘yicha olib borilgan ishlar to‘g‘risida ham ma’lumot berildi.
Kun tartibidagi mavzu yuzasidan yig‘ilganlarning taklif va tavsiyalari ishlab chiqildi.
Zarif Komilov, Tohir Istatov (surat), O‘zA