Yana bir necha kundan so‘ng, aniqrog‘i 4 mart kuni Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo 20-vazirlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. 4 aprel kuni esa Samarqand shahrida YeI – MO birinchi sammiti boshlanadi.
YeIning mamlakatimizdagi vakolatxonasida o‘tkazilgan matbuot anjumani mazkur nufuzli tadbirlarning ahamiyati, va ehtimoliy natijalariga bag‘ishlandi. Elchi Tayvo Klaar mavzu yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi:
– Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston hamkorligi tobora mustahkamlanib, turli sohalarda jadal rivojlanmoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda o‘zaro munosabat yangi bosqichga ko‘tarilib, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar yo‘nalishlarda kengayib boryapti.

Ayni kunlarda Ashxobod va Samarqand anjumanlariga tayyorgarlik qizg‘in ketyapti.
YeI tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas hamda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston tashqi ishlar vazirlari ishtirokida Ashxobodda o‘tadigan yig‘ilishda ikki mintaqa hamkorligini chuqurlashtirish, barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash masalalari muhokama qilinadi.
Tomonlar qator strategik yo‘nalishlar, jumladan transport bog‘liqligini mustahkamlash, savdo va investitsiya ko‘lamini kengaytirish, “yashil” va raqamli transformatsiya, suv zaxirasidan oqilona foydalanish hamda qayta tiklanadigan energiya tizimini rivojlantirish bo‘yicha sheriklik istiqboliga urg‘u beriladi.
Shuningdek, terrorizm, uyushgan jinoyatchilik, odam savdosi va kiber xavfsizlikka qarshi kurash masalalari yuzasidan ham fikr almashiladi.
Kun tartibidan o‘rin olgan Afg‘onistondagi vaziyat mavzusida inson huquqi, gumanitar muammolar, shuningdek mintaqa xavfsizligiga ta’sir etishi ehtimoli mavjud xavf-xatar masalalari qamrab olinadi.
Aytish joiz, hamkorligimiz uzoq muddatga mo‘ljallangan. Bu borada 2019 yil qabul qilingan YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasi va 2023 yil tasdiqlangan Qo‘shma yo‘l xaritasi asosiy hujjatlar hisoblanadi. Qolaversa, “Global Gateway” (Global darvoza) tashabbusi doirasida MO iqtisodiyotini raqamlashtirish va mintaqada barqaror infratuzilma loyihalarini amalga oshirish nazarda tutilgan.
Qo‘shma moliyaviy loyihalar doirasida 2021-2027 yillar uchun mintaqada infratuzilma, energetika, iqlim o‘zgarishi va ta’lim sohalarini rivojlantirish uchun 550 million yevro ajratilgan. Transkaspiy transport yo‘lagini shakllantirish uchun 88,4, raqamli bog‘liqlik loyihalari uchun 80 million yevro yo‘naltirilgan.
Samarqandda o‘tkaziladigan tarixiy Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo birinchi sammiti ikki mintaqa strategik hamkorligini yanada chuqurlashtirishga nisbatan umumiy intilish ifodasidir.
YeI ushbu 5 qo‘shni davlat bilan so‘nggi yillardagi sa’y-harakatlar samarasini tahlil qilish, kelgusi rejalarni belgilash hamda umumiy muammolarni hal etish yo‘lida muloqotni davom ettirishga hamisha tayyor.
Masalan, joriy yil birinchi yarmi oxirida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida “Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimi” imzolanishi kutilyapti.
Umuman, mazkur nufuzli anjumanga yurtingiz mezbonlik qilayotgani ikki tomonlama munosabatlar tarixida muhim voqea. Yangi bitim esa nafaqat iqtisodiy hamkorlik, balki ijtimoiy-siyosiy, madaniy-gumanitar aloqalarni ham mustahkamlashni ko‘zda tutadi.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.