Tayland va Kambodja ziddiyatining ikkinchi kuni
Bugun Tayland va Kambodja o‘rtasidagi bahsli chegara hududida yuzaga kelgan qurolli to‘qnashuvlarning ikkinchi kuni. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, hozirgacha voqeada 14 dan ortiq odam halok bo‘lgan, yuzlab odamlar jarohatlangan, shuningdek, 100 mingdan ortiq fuqaro evakuatsiya qilingan.
Ta’kidlanishicha, mahalliy aholi maktablar va universitetlar hududidagi vaqtinchalik boshpanalarga joylashtirilgan. Ayni paytda Tayland armiyasi raketa hujumlaridan zarar ko‘rgan joylarda bombalarni zararsizlantirish ishlarini olib bormoqda.

2024 yilning may oyida yuz bergan kichik harbiy nizolar, jumladan, minalar portlashi va zobitlar halokati ushbu keskinlikka zamin yaratgani qayd etilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida: Tayland va Kambodja o‘rtasidagi 800 kilometrli chegara asosan Fransiya mustamlakachiligi davrida belgilangan. Uzoq yillardan buyon chegara bo‘ylab joylashgan arxeologik ahamiyatga ega obidalar ikkala davlat tomonidan ham da’vo qilib kelinadi.
Xalqaro hamjamiyat, jumladan, AQSH, Yaponiya va Xitoy tomonlarni vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilishga va xalqaro huquq normalariga rioya qilishga chaqirmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA