“Taxiatosh” sanatoriyasiga press-tur
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tashabbusi bilan keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush va mehnat fahriylari uchun mo‘ljallangan “Taxiatosh” sanatoriysiga press-tur tashkil etildi.
Mamlakatimizda urush va mehnat faxriylari, keksa avlod vakillarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning salomatligini muhofaza qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu muassasada asosiy profil sifatida harakat-tayanch va asab tizimi kasalliklarini davolash yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 21 dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan “Taxiatosh” sanatoriysi O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tasarrufiga o‘tkazilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 1 iyundagi “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 1 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq yangi tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tasarrufiga o‘tkazildi.
Sanatoriya mamlakatimiz viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasining shahar va tuman tibbiy-ijtimoiy bo‘limlari tomonidan yo‘llanma asosida keluvchi dam oluvchilar uchun 75 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bunga qo‘shimcha ravishda 50 o‘rinlik aholiga pullik xizmat ko‘rsatish bo‘limi ham faoliyat yuritib kelmoqda. O‘tgan yil davomida 2 ming 156 nafar nuroniyga yo‘llanma asosida, 1 ming 510 nafar fuqaroga pullik asosda xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, joriy yilning 1 mayidan boshlab, yo‘llanma bilan kelgan 752 nafar nuroniyga, 452 nafar fuqaroga pullik asosda xizmat ko‘rsatilgan. 2024 yildan buyon sanatoriyga yo‘llanma bilan kelgan shaxslarni qabul qilish hamda ularni rasmiylashtirishni “Chek-in” va “chek-aut” tizimi orqali amalga oshirish yo‘lga qo‘yilgan.
– Davlatimiz rahbarining 2022 yil 22 yanvardagi “2022 – 2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida mazkur sanatoriyada umumiy qiymati 6 milliard 650 million so‘mlik qurilish hamda rekonstruksiya ishlari olib borildi va yangi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Jumladan, kompleks fizioterapik BTL apparati, suv bilan davolash qurilmalari, elektro-ultratovush, lazerli hamda magnitoterapiya apparatlari va yana boshqa inson salomatligini mustahkamlashga xizmat qiluvchi asbob-uskunalar bilan ta’minlandi, – deydi bosh shifokor Alisher Madaminov.
Dam oluvchilarning yanada yaxshi hordiq chiqarishlarini ta’minlash maqsadida turli tadbirlar, shu jumladan har haftada konsertlar tashkil etilib, ularga taniqli san’atkorlar taklif qilinadi. Ziyoratgohlar, muzeylar, Orolbo‘yining tarixiy ob’ektlariga ekskursiyalar tashkil qilinib, dam oluvchilar bo‘sh vaqtlarida shaxmat, shashka o‘ynashadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining 2025 yil 24 fevraldagi xati asosida tizimda tajriba-sinov tariqasida o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga uyda tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmatini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
[gallery-23622]
Jumladan, mazkur sanatoriyada ham 2025 yil 28 fevraldan boshlab Taxiatosh tumanidagi "Inson" markazi tomonidan biriktirilgan 5 nafar yakka-yolg‘iz, o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxsning uyida tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmati amalga oshirilib kelinmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 8 maydagi “O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori asosida joriy yilning 1 iyunidan boshlab o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Faol hayotga qadam” dasturi joriy etilib, sanatoriyda ham xizmat to‘liq yo‘lga qo‘yiladi.
Tadbir ishtirokchilari sanatoriyada davolanuvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi va o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA