Bu yilgi mavsum iyun oyining birinchi o‘n kunligidan boshlanadi.
Mamlakatimizda yurtimiz kelajagi bo‘lgan bolalar tarbiyasiga, ularning salomatligiga davlat darajasida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, may oyida 2024 yil yoz mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazishni ta’minlash maqsadida hududlarda daxldor tashkilotlar bilan hamkorlikda dam olish va sog‘lomlashtirish mavsumini sifatli tashkillashtirish bo‘yicha o‘quv-seminarlar o‘tkazilib, tegishli vazifalar belgilab olingan.
Joriy yil yoz mavsumida mamlakatimizdagi mavjud dam olish maskanlari har galdagidek bu yil ham yurtimizning turli go‘shalaridagi ta’lim maskanlaridan ta’tilga chiqqan bolajonlarni o‘z bag‘riga olishga shay holga keltirilgan.

Sport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sog‘lomlashtirish masalalari bo‘yicha 14 ta hududda joylashgan 202 ta oromgohga 484 nafar sport mutaxassislari, shulardan 204 nafari suzish yo‘riqchilar, 280 nafar trenerlar sportning o‘yin turlari bo‘yicha biriktirilmoqda.
2024 yil yoz mavsumida 4,6 million nafardan ortiq 1-7 sinf maktab yoshidagi bolalar dam olishlari va sog‘lomlashtirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 132 ming 337 nafar bolalar shahar tashqarisidagi 166 ta oromgohda sog‘lomlashtirilishi uchun sharoitlar yaratiladi.
Mazkur oromgohlarda turli sport tadbirlarini tashkil etish uchun 1 ming 343 ta sport maydonchalari tayyorlanib, mashg‘ulot va musobaqalarni samarali tashkil etish maqsadida 3 179 dona sport jihoz va anjomlari ajratilgan.
Dam olish mavsumining har bir guruhi uchun Sport vazirligining tegishli bo‘limlari tomonidan bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida mini-futbol, stol tennisi, voleybol, badminton, shaxmat, shashka, yengil atletika, suzish, basketbol, armrestling sport turlari bo‘yicha spartakiadalar o‘tkazish dasturlari ishlab chiqilgan.
— Maktablar qoshidagi sport maydonchalari hamda bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida taniqli va iqtidorli sportchilar bilan uchrashuvlar, ko‘rgazmali chiqishlar hamda mahorat saboqlari o‘tkazilishi bolajonlarga unutilmas taassurotlar armug‘on etishi shubhasiz. Bundan tashqari, hududlarda faoliyat yuritadigan sog‘lomlashtirish maydonchalarida bolalar uchun barcha sharoit va qulayliklar mavjud bo‘lgan ta’lim muassasalarini tanlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu sog‘lomlashtirish oromgohlariga hamda sport maydonchalarida suzish va sport yo‘riqchilariga bo‘lgan ehtiyoj o‘rganilib, bolalar-o‘smirlar sport maktablari murabbiylari biriktiriladi, — deydi Sport vazirligi bosh mutaxassisi Sh.Yusupov.
Yana bir e’tiborli jihat, hududlarda oromgohlarga jalb qilinmagan yoshlar o‘rtasida «Yoz fasli sport bilan!», «Sportni sev, sport bilan yasha!», «Yoz o‘tmoqda soz!», «Sog‘ tanda sog‘lom aql!» shiorlari ostida ommaviy sport musobaqalari, «Quvnoq startlar», festivallar tashkil etilishi nazarda tutilgan.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA