Ma’lumki, mamlakatimizga anomal sovuq ob-havo kirib kelishi munosabati bilan barcha bo‘g‘indagi ta’lim muassasalarida qishki ta’til muddati joriy yil 17 yanvargacha uzaytirildi.
Xo‘sh, ta’til davomida poytaxtdagi talabalar turar joylarining ishlash tartibi qanday bo‘ladi?
Mazkur savol bo‘yicha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati quyidagilarni ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, belgilangan tartibga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalari yotoqxonalarida ta’til vaqtida dezinfeksiya va joriy ta’mirlash ishlari olib borilishi sababli yotoqxonalar faoliyati vaqtincha to‘xtatib turiladi.
Biroq, qishki ta’til davrida doimiy yashash joyiga ketmaydigan (borar joyi bo‘lmagan davlat qaramog‘idagi chin yetimlar, talaba yoki tinglovchi bo‘lgan xorijiy fuqarolar) oliy ta’lim muassasalari talabalari ro‘yxat asosida hududdagi bitta talabalar turar joyiga joylashtiriladi.
Masalan, joriy yilda Toshkent shahri bo‘yicha o‘z hududiga ketmaydigan jami 255 nafar yetim va xorijlik talaba O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda Toshkent tibbiyot akademiyasining talabalar turar joylariga joylashtirilgan.
Qishki ta’tildan so‘ng o‘qish jarayonini boshlash muddati 2023 yil 9 yanvar etib belgilanganda, talabalarning bosqichma-bosqich kelishini inobatga olib, yotoqxonalarning ishlashi 5 yanvardan boshlanishi rejalashtirilgan.
bugungi vaziyatdan kelib chiqib, ta’tilning uzaytirilishidan bexabar yoki poytaxtga ishlash istagida kelgan talabalarga individual tarzda tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Talabalarning har biridan ta’tildan erta qaytishi sababi, ishlash yoki ishlamasligi, oilaviy ahvoli, agar qaytib ketishi lozim bo‘lsa, sharoiti bor-yo‘qligi to‘g‘risida ma’lumotlar o‘rganib chiqilib, zarur hollarda moddiy yordam ko‘rsatiladi va talabaning o‘z roziligi bilan yashash joyiga jo‘natish choralari ko‘riladi.
Agar talaba ketishni umuman xohlamasa, buning asosli sababi aniqlanadi va undan ta’til davrida turli nojo‘ya xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymasligi yuzasidan kafolat xatini olib, yotoqxonada yashashi uchun zarur sharoit yaratib beriladi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Toshkent shahrida joylashgan davlat oliy ta’lim muassasalarida 37 ming 817 o‘rinli 98 ta talabalar turar joylari mavjud.
Barcha talabalar yotoqxonalari ta’til tugashidan 3-4 kun oldin talabalarni qabul qilishni boshlaydi.
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi, O‘zA