Ta’til pullari undirib berildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumani adliya bo‘limiga 6 nafar fuqarodan murojaat kelib tushdi.
Unda o‘zlarining tumandagi mahallalarda rais bo‘lib ishlaganligi, biroq O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi Xo‘jayli tumani bo‘limi tomonidan foydalanilmagan barcha asosiy va qo‘shimcha ta’til pullari to‘lab berilmaganligidan norozi ekanliklarini bildirishgan.
– O‘zbekiston Respublikasi mahallalari uyushmasiga mablag‘ ajratish bo‘yicha xat yuborilganligi ma’lum qilingan, biroq qarzdorlik bartaraf etilmaganligi aniqlandi, – deydi Xo‘jayli tumani adliya bo‘limi boshlig‘i Arislanbek Ixlasov. – O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 172-moddasiga ko‘ra mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodim bilan hisob-kitob qilinishi kerakligi belgilangan. Hisob-kitob oxirigacha olinmagan ish haqini, xodim tomonidan foydalanilmagan barcha asosiy va qo‘shimcha dam olishlar uchun kompensatsiyalarni, agar mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda yoki boshqa huquqiy hujjatlarda yoki mehnat shartnomasida boshqa to‘lovlarni to‘lash nazarda tutilgan bo‘lsa, ushbu to‘lovlarni to‘lashni o‘z ichiga oladi. Ish beruvchi tomonidan xodimga tegishli bo‘lgan barcha summalarni to‘lash xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni amalga oshiriladi, deb ko‘rsatilgan.
Shu bilan birga, Kodeksning 333-moddasiga muvofiq, ish beruvchi ish haqini, ta’til to‘lovlarini, mehnat shartnomasi bekor qilingandagi to‘lovlarni va (yoki) xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan boshqa to‘lovlarni to‘lash muddatini buzgan taqdirda, ularni to‘lov muddatidan keyingi kundan e’tiboran to haqiqatda hisob-kitob qilingan kunni o‘z ichiga olgan muddatgacha har bir kechiktirilgan kun uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining o‘sha vaqtda amalda bo‘lgan qayta moliyalashtirish stavkasidan kelib chiqqan holda foizlar (pulli kompensatsiya) bilan birga to‘lashi shart.
Xo‘jayli tumani adliya bo‘limi tomonidan murojaat egalari B.Seydametov, B.Janabayev, B.Allaniyazov, J.Saparov, A.Ibragimova, T.Kamalov, A.Ibragimovlarning manfaatini ko‘zlab fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi. Natijada javobgardan da’vogarlar foydasiga foydalanilmagan barcha asosiy va qo‘shimcha ta’tillar uchun jami 23 million 318 ming 259 so‘m miqdoridagi qarzdorlik hamda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 333-moddasiga asosan hisoblangan qarzdorlik uchun har bir kechiktirilgan kunga jami 36 million 806 ming 196 so‘m miqdoridagi pul kompensatsiyasi undirib berildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri