Tatariston poytaxtida aksilterror rejimi o‘rnatildi
Qozondagi 175 maktabda sodir etilgan otishmadan keyin shaharda aksilterror rejimi joriy etildi, deyiladi "RIA Novosti" ning Rossiya TIV ma’lumotlariga asosan bergan xabarida.
Avval xabar berganimizdek, ikki qurollangan shaxs Qozondagi 175 maktab binosiga bostirib kirib, o‘quvchilarga qarata o‘q uzgan. Ularning biri qo‘lga olingan, ikkinchi shaxs xavfsizlik kuchlari tomonidan otib o‘ldirilgan.
O‘ldirilgan yetti bolaning uch nafari qiz va to‘rt nafari o‘g‘il bola ekanligi haqida aytilgan. Shuningdek, 12 nafar o‘quvchi va to‘rt nafar maktab xodimlari kasalxonaga yotqizilgan.
Mamlakat Terrorizmga qarshi kurashish milliy qo‘mitasining axborot markazi aniqlik kiritilishicha, qattiq nazorat rejimi ta’lim muassasasi bilan tutash hududlarda ham amalga oshirilmoqda.
Tatariston hukumati tez orada respublikaning aksilterror komissiyasining yig‘ilishini o‘tkazishi haqida bayonot bergan.
Ayni paytda maktab xavfsizlik kuchlari tomonidan to‘liq nazoratga olingan, voqea joyiga Tatariston prezidenti Rustam Minnixonov tashrif buyurgan.
Vladimir Putin ushbu ayanchli voqea sodir bo‘lganidan so‘ng, shoshilinch ravishda mamlakatda fuqarolik qurollari muomalasi qoidalarini kuchaytirish masalasini ishlab chiqishni buyurdi.