Ilk rasmiy tashrif bilan Minskda bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovni Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko qabul qildi, deb xabar qilmoqda TIV matbuot xizmati.
Uchrashuvda ko‘plab sohalardagi hamkorlikning ijobiy sur’ati qayd etildi. Tomonlar ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotni mustahkamlashga ko‘maklashish va iqtisodiy aloqalarni sezilarli darajada kengaytirishga kelishib oldilar.
Tashrif doirasida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Minskda Belarus tashqi ishlar vaziri Sergey Aleynik bilan uchrashdi.
Muzokaralar davomida ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2024-2025-yillarga mo‘ljallangan Maslahatlashuvlar dasturi imzolandi.
Shuningdek, qator ikki tomonlama uchrashuvlar, MDH Tashqi ishlar vazirlari Kengashi yig‘ilishi va "Markaziy Osiyo – Rossiya" formatidagi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida ishtirok etish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 11-12-aprel kunlari O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiya Belarus Respublikasida bo‘lib turibdi.