Tashqi diplomatiya
O‘zA ushbu ruknda O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi elchixona va konsullik markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish orqali iqtisodiy diplomatiyani yuksaltirish yo‘lida olib borilayotgan ishlarni tahlil qilishda davom etadi.

Buyuk Britaniya. O‘zbekistonning Londondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ravshan Usmonov Qozog‘istonning Birlashgan Qirollikdagi elchisi Alibek Bakayev bilan uchrashdi. Muloqot davomida ikki davlatning Buyuk Britaniyadagi diplomatik vakolatxonalari o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Yaponiya. Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Tokio shahridagi “Hanzomon” muzeyida “Tokyo Photo Month 2026” tadbiri doirasida yurtimizga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma namoyish etilmoqda. Yaponiyadagi elchixonamiz, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Yaponiya Suratkashlar jamiyati hamkorligida tashkil etilgan ko‘rgazmada mamlakatimizning 125 yillik fotografiya tarixi, qadimiy shaharlari, me’moriy obidalari, boy madaniy merosi va xalq hayotini aks ettiruvchi noyob fotosuratlar namoyish etilmoqda. Ko‘rgazma 27-sentabrga qadar davom etadi.

Toshkent. O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Samir Sharifovni qabul qildi. Uchrashuv davomida ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida o‘tkazilgan siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi natijalari, shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining jadal rivojlanishi hamda ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA