O‘zA “Tashqi diplomatiya” rukni orqali davlatimizning xorijiy mamlakatlardagi elchixonalari va konsullik markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, elchilarimiz tomonidan iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan ishlarni tahlil qilishda davom etadi.
Buyuk Britaniya. Londondagi mashhur “Tate Modern” ko‘rgazma galereyasida “Wanderlust Reader Travel Awards 2024” marosimi bo‘lib o‘tdi. Qirollikda nashr etiladigan “Wanderlust” jurnali tomonidan o‘n davlat orasidan O‘zbekiston “Most Desirable Emerging Destination” (Orzudagi rivojlanayotgan manzil) nominatsiyasida g‘olib deb topildi va vakillarimiz maxsus mukofot bilan taqdirlandi.

Hindiston. Yaqinda Dehlidagi elchixonamiz xodimlari hamda mamlakatimizdan tashrif buyurgan vakillar Hindiston poytaxtida bo‘lib o‘tgan “Osiyo buddaviylik sammiti”da ishtirok etdi.
Tadbir doirasida O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyati keng targ‘ib qilindi. Jumladan, Surxondaryo viloyati Termiz shahri yaqinidagi Eski shahar xarobalari shimoli-g‘arbiy qismidagi Fayoztepa yodgorligi, milodiy I-III asrlarga oid buddaviylik monastir-ibodatxonasi hamda ushbu maskan tarixi haqida atroflicha so‘zlab berildi.

Kuvayt. Al-Kuvayt shahrida elchimiz Ayubxon Yunusov Sanoat bosh qo‘mitasi direktori Muhammad Al-Advaniy bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning birinchi yig‘ilishiga tayyorgarlik jarayoni xususida fikr almashdi.
O‘zaro muloqot davomida kuvaytlik investorlar ishtirokida O‘zbekiston hududlari, xususan Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida qo‘shma loyihalar amalga oshirish istiqboli ham muhokama qilindi.

Polsha. “IT Park Uzbekistan” delegatsiyasi tomonidan Varshavada muvaffaqiyat bilan o‘tkazilgan “Uzbekistan Outsourcing Conference” tadbirida Polshaning 60 dan ortiq IT kompaniyasi yurtimizdagi biznes muhiti va sharoitini o‘rganish maqsadida ishtirok etdi. Konferensiya ishtirokchilari O‘zbekistonning autsorsing salohiyatiga jiddiy qiziqish bildirib, turli xizmatlar ko‘rsatish istiqbolini o‘rgandi.
Shuningdek, taqdimotlar yordamida IT kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun yaratilgan qulay sharoit, jumladan O‘zbekiston bozorida allaqachon faoliyat yuritayotgan Yevropalik IT Park rezidentlarining muvaffaqiyatli tajribasi namoyish etildi.

Turkiya. Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan IHT Iqtisodiy va savdo hamkorlik qo‘mitasi (COMCYeC) 40-sessiyasi doirasida O‘zbekiston Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi rahbari Anvar Mansurov hamda “Star of Bosphorus” ma’lumotlar markazi rahbariyati o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Muloqot davomida qator muhim yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik istiqboli, jumladan markaz xodimlari malakasini oshirish masalasi muhokama qilindi. Tomonlar raqamli texnologiya va loyihani boshqarish sohasi mutaxassislari ishtirokida tajriba almashish, o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazishga kelishib oldi. Davlat va xususiy sektor uchun raqamli yechimlarni ishlab chiqish hamda joriy etish bo‘yicha kadrlar tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Vengriya. Budapeshtdagi davlat opera teatrida OTP Bank tomonidan tashkil etilgan “World Savings Day Gala” doirasida O‘zbekiston madaniyati kechasi bo‘lib o‘tdi. O‘zbek musiqasi, raqsi va oshpazlik an’anasi namoyish etilgan, siyosatchilar, davlat va ilmiy doira vakillari, tadbirkorlar jamlangan tadbir O‘zbekiston va Vengriya madaniy aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Yaponiya. Tokiodagi elchimiz Muhsinxo‘ja Abdurahmonov Yaponiya parlamenti Vakillar palatasi deputati, mamlakat Liberal-demokratik partiyasi Yoshlar byurosi direktori Takako Suzuki xonim bilan uchrashdi.
Suhbat davomida parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish masalasi muhokama qilindi.

Pokiston. Shu kunlarda Islomoboddagi “Lok Virsa” muzey majmuasida “Lok Mela-2024” xalqaro madaniyat va turizm festivali bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu nufuzli tadbirda mamlakatimizning Pokistondagi elchixonasi tomonidan O‘zbekiston paviloni tashkil etilib, yurtimizning ziyorat va madaniy turizm salohiyati, milliy merosi, madaniy qadriyatlari, boy tarixi, san’ati va hunarmandlik namunalari keng jamoatchilikka taqdim etilyapti.
Mehmonlarga Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent kabi shaharlarimizdagi tarixiy obidalar, bugungi kunda mamlakatimizda sayyohlar uchun yaratilgan qulay sharoit haqida so‘zlab berilmoqda. E’tiborli jihati, tadbir qatnashchilari yog‘och o‘ymakorligi, kashtachilik, zardo‘zlik, ipakchilik kabi milliy amaliy san’atimiz namunalarining o‘ziga xosligini e’tirof etmoqda.

Germaniya. Yaqinda Bonn shahrida O‘zbekistonning boy madaniyati va sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Ushbu yig‘in mamlakatimiz elchixonasi tomonidan “Deutsch-Usbekische Gesellschaft e.V” Germaniya – O‘zbekiston jamiyati va “Colloquium Humanum e.V” tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Savol-javob tarzida o‘tgan ochiq muloqot germaniyaliklarning ko‘hna va navqiron diyorimizga qiziqishini yanada oshirdi. Shuningdek, yurtimizning iqtisodiy imkoniyati, turizm salohiyati, qadimiy va navqiron shaharlari to‘g‘risidagi film taqdimoti ishtirokchilarda qiziqish uyg‘otdi.

Qozog‘iston. Xorazm viloyati musiqali drama teatri jamoasi Aqtau shahriga gastrol uyushtirdi. Ijodiy safar davomida yurtimiz vakillari Nurmuxan Janturin nomidagi musiqali drama teatrida o‘z dasturlarini taqdim etdi.
Tadbirda Mang‘istau ijtimoiy-siyosiy doira va diplomatik korpus vakillari, shuningdek viloyatda istiqomat qiluvchi vatandoshlarimiz qatnashdi. Konsert dasturidan o‘rin olgan kuy-qo‘shiqlar, milliy raqslarimiz tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olindi.

Rossiya. O‘lkamizning Novosibirskdagi Bosh konsulxonasida ushbu viloyatning sanoat, savdo va tadbirkorlikni rivojlantirish idorasi rahbari o‘rinbosari Denis Ryaguzov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda joriy yil noyabr-dekabr oylarida Novosibirskda O‘zbekiston va Rossiya ishbilarmon doira vakillari ishtirokida biznes-forum o‘tkazish, hududlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalasi muhokama qilindi. Shuningdek, bo‘lajak biznes-forumga qishloq xo‘jaligi, qurilish, farmatsevtika, energetika va boshqa sohalardagi korxonalarni jalb etishga kelishildi.

O‘tkir Alimov tayyorladi.
O‘zA