Toshkentda davom etayotgan “Toshkent huquq bahori” (“Tashkent Law Spring”) xalqaro yuridik forumi doirasida raqamli davlat boshqaruvi va davlat xizmatlari transformatsiyasi mavzusida sessiya bo‘lib o‘tdi.
Davlat xizmatlari sohasidagi global tendensiyalar va O‘zbekistondagi islohotlar uchun yangi nuqtai nazarni shakllantirishga qaratilgan sessiyada jahonning 10 dan ortiq davlatidan raqamli islohotlar va huquqiy transformatsiya sohasining taniqli mutaxassislari ishtirok etdi.
Estoniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Moldova, Avstraliya, Vengriya kabi mamlakatlardan kelgan spikerlar o‘z davlatlaridagi amaliy yechimlar, tizimli yondashuvlar va innovatsion platformalarni taqdim etdi.
Sessiya doirasida davlat xizmatlarini raqamlash masalasi keng muhokama qilindi. Spikerlar raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali davlat organlari va fuqarolar o‘rtasidagi muloqot qanday soddalashganini, vaqt va resurslar qanday tejalayotganini amaliy misollar bilan yoritib berdi. Eng avvalo, fuqarolarga kundalik hayotda zarur bo‘lgan xizmatlarni elektron tarzda olish imkoniyati, shu jumladan, mobil ilovalar va yagona portallar orqali xizmatlarni taqdim etish tajribalari e’tibor markazida bo‘ldi.
Sun’iy intellektni davlat boshqaruvi va xizmatlariga joriy etish masalasi esa sessiyaning yana bir markaziy nuqtasi bo‘ldi. Spikerlar bu texnologiya yordamida murojaatlarni saralash, shaxsiy ehtiyojlarga ko‘ra tavsiyalar berish, xatolarni kamaytirish, fuqarolar bilan avtomatlashtirilgan muloqotni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari haqida gapirdi.

Proaktiv davlat xizmatlari – ya’ni fuqaro murojaat qilmasdan avval uning ehtiyojiga mos xizmatni avtomatik ravishda taklif qilish konsepsiyasi ham qizg‘in muhokama etildi. Mazkur yondashuvning samarali namunalaridan biri – bola tug‘ilganida avtomatik ravishda tug‘ilganlik haqida guvohnoma, nafaqa va boshqa xizmatlar paketini shakllantirish tajribasi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, kiberxavfsizlik va inson huquqlarini ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Davlat fuqarolar haqida to‘playotgan ma’lumotlarning maxfiyligi va ulardan faqat belgilangan maqsadda foydalanilishi, sun’iy intellekt qarorlarining shaffofligi va nazorat qilinajak huquqiy mexanizmlar ko‘rib chiqildi.
Raqamli identifikatsiya va biometrik autentifikatsiya – bugungi kunda davlat xizmatlarining asosiy elementiga aylangani qayd etildi. Biometrik yechimlarning qonuniy asoslari, xalqaro standartlarga muvofiqligi va ular orqali xizmat olish jarayonidagi qulayliklar haqida to‘xtalib o‘tildi.
O‘zbekistonlik yetakchi mutaxassislar – Olimjon Umarov, Eldor Mahkamov, Anvar Narzullayev va Abduqahhor Tashmuhamedov raqamli davlatni shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, qonunchilik bazasini modernizatsiya qilish, sun’iy intellekt va avtomatlashtirish orqali davlat xizmatlari sifatini oshirish, fuqarolar huquqlarini himoya qilish kabi dolzarb yo‘nalishlar yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi.
O‘zbekistonning raqamli transformatsiyasi nafaqat texnologik, balki inson huquqlari, ijtimoiy tenglik va huquqiy kafolatlarga asoslangani, mamlakatimizdagi jarayonlar xalqaro tajriba bilan hamohang ekanini ko‘rsatib berildi.
Xalqaro ekspertlar O‘zbekistondagi proaktiv davlat xizmatlari tajribasiga qiziqish bildirib, uni chuqurroq o‘rganish imkoniyatlarini muhokama qildi. Shu bilan birga, forum ishtirokchilari turli davlatlar tajribasini inobatga olgan holda qonunchilikni takomillashtirish va raqamli islohotlarni chuqurlashtirish borasida takliflar bildirildi.
N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA