“Tashabbusli byudjet”ning 2026-yil 2-mavsumiga start berildi (+video)
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan amaliyotga tatbiq qilingan “Tashabbusli byudjet” jarayonlari jamoatchilik fikri asosida loyihalarni shakllantirish va moliyalashtirish bo‘yicha mamlakatimizda joriy etilgan ilk amaliyot hisoblanadi va bu yo‘nalishda dastlabki qadamlar 2018-yilda qo‘yilgan. Shundan buyon xalqimizning yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolari o‘z yechimini topmoqda.
2026-yilgi “Tashabbusli byudjet” jarayonlari xalqimiz uchun ko‘plab xushxabarlardan boshlangandi. Joriy yilning 15-iyulidan “Tashabbusli byudjet”ning ikkinchi mavsumiga start berildi. Ushbu mavsum mazkur jarayon joriy etilganidan buyon o‘tkazilayotgan o‘n birinchisi hisoblanadi. Sohadagi yangiliklar bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligi yetakchi mutaxassisi Ulug‘bek Choriyev o‘rtoqlashdi.
- Aytingchi, “Tashabbusli byudjet”ning ushbu mavsumida xalqimizni yana qanday yangiliklar kutmoqda?
- Albatta, bu mavsum ham o‘tgan mavsumlardagidek o‘zgarishlar, yangilanishlar bilan farq qiladi. Hech kimga sir emaski, mavsumdan mavsumga o‘tayotgan jarayonlarda albatta yangiliklar bo‘ladi. Ya’ni, bu mavsumda kuzatilgan kamchiliklarni kelgusi mavsum takrorlamaydi.
Bunda:
15-iyuldan 3-avgustgacha loyihalarni kiritish;
4-8-avgust kunlari loyihalarni saralash;
19-21-avgust kunlari targ‘ibot bosqichi;
22-31-avgust kunlari ovoz berish bosqichi;
1-10-sentabr kunlari qo‘shimcha g‘oliblarni e’lon qilish bosqichi o‘tkaziladi. Ma’lumot uchun, an’anaviy ovoz berish bosqichi yakunlariga ko‘ra g‘olib loyihalar 1-sentabr O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi bayrami kuni e’lon qilinadi.
“Tashabbusli byudjet” jarayoni doirasida ketma-ket ikki mavsumda g‘olib bo‘lgan mahallalar uchun navbatdagi ikki mavsumda loyiha kiritishni cheklash amaliyoti joriy etilgan.
Unga ko‘ra, avvalgi mavsumlarda ketma-ket g‘olib bo‘lgan hamda 2026-yilgi 2-mavsumida loyiha kiritish imkoniyati cheklanadigan mahallalar ro‘yxati shakllantirildi.
Shuningdek, tanaffus qo‘llangan mahallalar tomonidan ham sherikchilik asosida loyihalarni ilgari surish imkoniyati mavjud. Shu bilan birga deputat tashabbusi amaliyoti takomillashtirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 29-iyundagi “Tashabbusli byudjet jarayonlari doirasida mahallalardagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishda xalq vakillari va jamoatchilik uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratish to‘g‘risida”gi 243-sonli qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, “Tashabbusli byudjet” jarayonlarining 2026-yil 2-mavsumidan boshlab deputatlarga ajratilgan mablag‘ doirasida bir yoki bir nechta loyihani tanlash imkoniyati beriladi.
Bu o‘zgarish ajratilgan mablag‘lardan yanada samarali foydalanish, mahalliy muammolarni hal etishga qaratilgan loyihalar qamrovini kengaytirish hamda g‘olib loyihalar sonini oshirishga xizmat qiladi.
<iframe width="1335" height="751" src="https://www.youtube.com/embed/D1P6QXIGcNY" title="“Tashabbusli budjet”ning 2026 yil 2-mavsumiga start berildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Yoqub Meliboyev, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA