Jurnalistik surishtiruv
Bir necha yildan buyon “Tashabbusli byudjet” loyihasi bo‘yicha aholini uzoq yillardan buyon qiynab kelayotgan ijtimoiy muammolar tanlovga qo‘yilib, xalqning birdamligi evaziga yetarlicha ovoz to‘planib, ko‘plab chang ko‘chalarga asfalt yotqizilmoqda, ichimlik suvi, elektr ta’minoti, xarobaga aylangan maktablar qurilishi bilan bog‘liq muammolarga yechim topilmoqda. Ammo mana shu yutib olingan loyihalarni to‘liq amaliyotga tatbiq etish jarayonida ba’zi kamchiliklar ham uchrayotgani dilni xira qiladi.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Koson tumaniga qarashli Etak mahallasidagi 32-maktabning eski o‘quv binosini kapital ta’mirlash bilan bog‘liq jarayon quruvchilar tomonidan sifatsiz amalga oshirilayotgani haqidagi videolavha jamoatchilikning haqli e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Holatga oydinlik kiritish maqsadida ushbu manzilda bo‘ldik va surishtiruv olib bordik.
Ma’lum bo‘lishicha, “Tashabbusli byudjet”dan yutib olingan loyiha asosida ta’mirlanayotgan o‘quv binosi o‘tgan asrning 70-yillarida hashar yo‘li bilan qurilgan. Devorlari pishgan g‘ishtdan ustiga beton plitalar yopilgan holda mustahkam qilib barpo etilgan. Ammo yillar binoga o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmagan. Yerdan ko‘tarilayotgan zax, shiferlarining sinishi natijasida suv sizib kirishi binoni abgor holatga olib kelgan va o‘quvchilarga noqulaylik tug‘dira boshlagan.
620 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur maktabda ayni paytda 923 nafar o‘quvchi ikki smenada ta’lim oladi. O‘quvchi sonining ko‘payishi o‘quv binolariga bo‘lgan talabni oshirmoqda. Shu bois, o‘quvchilarga yetarlicha shart-sharoit yaratish maqsadida maktab jamoasi va aholi birlashib, “Tashabbusli byudjet”ning o‘tgan yilgi ikkinchi mavsumiga maktabning eski o‘quv binosini ta’mirlash loyihasini qo‘yadi. Loyiha tanlovda ko‘p ovoz olib, g‘olib bo‘ladi.

Nihoyat “Koinot yupiter” MCHJ qurilish tashkiloti tender savdolarida yutib chiqib, joriy yilning fevral oyidan kapital ta’mirlash ishlari boshlanadi. Loyihasi g‘olib bo‘lganidan, eski o‘quv bino ta’mirlanishi va o‘quvchilarga qulay shart-sharoitlar yaratilishidan umidvor bo‘lgan aholi vakillari bundan juda quvonadi. Ammo ta’mirlash ishlari loyihada ko‘rsatilganday ketmadi. Qurilish sifatsiz olib borila boshlandi. Albatta, loyihani yutish uchun qancha mashaqqat chekkan aholi vakillaridan tuzilgan jamoatchilik nazoratchilari bu holatga indamay qarab turolmadi.
– Loyihamiz g‘olib bo‘lganidan juda quvondik, – deydi maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Mahmud Jo‘rayev. – Quruvchi kelib mablag‘ kam, to‘liq ta’mirlashga yetmaydi, degani uchun eski binoning devori suvoqlari va pol qismidagi betonlarni hashar yo‘li bilan o‘pirib, tozalab berdik. Shundan keyin ish boshlandi. Ammo ko‘rib turganingizdek, pol qismini betonlashtirish ishlari sifatsiz bajarilmoqda.
Chindan ham quruvchilar binoning pol qismini betonlashtirishda qo‘pol xatolikka yo‘l qo‘ygan bo‘lsa kerakki, tarmoqlarda ushbu mavzu ko‘tarilib, muhokamalarga sabab bo‘lgach, manzilga borganimizda butun boshli binoda pol qismidagi betonlarni qo‘porish ishlari avjida ekanligiga guvoh bo‘ldik.

– Maktabimiz 620 o‘rinli bo‘lib, hozirgi vaqtda to‘liq ikki smenada o‘qish olib borilmoqda, – deydi maktab direktori Ergash Taymanov. – Uchta o‘quv binomiz bor. Biri 1973-yilda qurilgan edi. O‘sha yillardan beri kapital rekonstruksiya qilinmagan. Shuning uchun ham xalqimiz tomonidan 2023-yilda open byudjetning ikkinchi mavsumiga o‘sha binoni ta’mirlash bo‘yicha loyiha kiritilib, bir milliard 200 million so‘m mablag‘ yutib olindi. Loyiha bo‘yicha ishlar sifatli ketmayotganligini jamoatchilik vakillari aniqladi va e’tirozlarini bildirishdi. O‘ylaymanki, bu juda o‘rinli. Chunki bu bino o‘zi abgor holatga kelib qolgan edi. Agar uni sifatli qilib kapital ta’mirlansa, yana bir necha o‘n yillar xizmat qiladi.
Xo‘sh, aslida quruvchilar qanday xatoga yo‘l qo‘yishgan edi?
Aniqlanishicha, binoning pol ishlari loyiha talabiga binoan bajarilmagan. Ya’ni loyiha talabi asosida tuproq qatlam ustidan 8 sm beton qo‘yilib, uning ustidan bir qatlam qora qog‘oz (gidro ezolyatsiya) va 4 sm izol to‘shama yotqizilib, uning ustidan 4-Bp o‘lchamli setka bilan sement-rastvor qorishmasi yotqizilish kerak edi. Lekin quruvchi tuproq ustidan qora qog‘oz to‘shab, 4 sm sement-rastvor qorishmasi yotqizgan. Setkani ham 3-Bp o‘lchamlisini ishlatgan. Sement-rastvor qorishmasi mustahkamligi darajasi uchun sinov laboratoriya xulosasi ham olinmagan. Bundan tashqari, tomusti ishlarida ham keramzit qatlam qalinligi loyiha talabida bajarilmagan. Loyiha talabida keramzit qatlam qalinligi 20 sm ko‘rsatilgan bo‘lsada, amalda ayrim joylarida 12 sm, ayrim joylarida 16 sm qalinlikda keramzit qatlam yotqizilgan.

– Hozirgi kunga qadar open byudjetdan qishlog‘imiz farovonligi uchun sakkiz marotaba loyiha kiritib, yutib olganmiz, – deydi “Tashabbusli byudjet”ga kiritilgan loyiha tashabbuskori Jahongir Do‘lanov. – Bu loyihalarni yutib olish uchun ozmuncha mashaqqat chekmadik. Qishlog‘imiz yoshlari birlashib, ovoz yig‘ish jarayonida qancha qiynalganmiz. 13 ming 500 ta ovoz to‘plaganmiz. Buncha mashaqqatdan keyin quruvchilarning bu qilig‘i bizga og‘ir botdi, rosti. Murojaatimizdan keyin nazoratchilar keldi, kamchiliklarni aniqladi. Quruvchiga tegishli ko‘rsatmalarni berdi. Ungacha bir necha bor quruvchiga ham, ishchilariga ham aytdik, lekin bilganidan qolishmadi. Talabimiz shuki, quruvchi loyiha-smetada ko‘rsatilgan ishlarni to‘liq bajarib bersin.
Aholi vakillarining aytishicha, ta’mirlanayotgan binoning pol qismi va tomiga sement-beton qorishmasi deyarli to‘liq yotqizib bo‘lingan. Ammo kamchiliklar aniqlangach, ular qayta buzilmoqda. Albatta, bu quruvchiga qimmatga tushishi aniq. Chunki katta maydon, qancha mahsulot va hokazo. Xo‘sh, shuni bilaturib quruvchi nega xatoga yo‘l qo‘ygan?
Biz borganimizda obyektda bo‘lib turgan qurilish firmasi mas’uli syomkani tugatgunimizcha izsiz g‘oyib bo‘ldi. Unga telefon orqali bog‘landik va mazkur holat bo‘yicha izoh so‘radik.

– O‘zim o‘sha kunlar oilaviy masalalar bilan bo‘lib, bir ikki kun nazorat qila olmay qoldim, – deydi qurilish ish yurituvchisi Alisher G‘aniyev. – Ishchilar xatoga yo‘l qo‘yishibdi. Albatta, buni shunday qoldirmaymiz. Sifatsiz quyilgan betonni o‘pirib oldik. Loyihada ko‘rsatilgandek qilib bajarib beramiz va yuzimiz yorug‘ bo‘ladi.
Tuman hokimligi mas’ullari ham maktabdagi qurilish ishlari nazoratga olinganini bildirib o‘tdi.
– Ijtimoiy tarmoqlarga tarqalgan xabarlar bo‘yicha ishchi guruh tuzilib, holat joyiga borgan holda o‘rganildi, – deydi tuman moliya bo‘limi mas’ul xodimi Adham Haydarov. – Haqiqatda kamchiliklar borligi aniqlandi. Quruvchiga tegishli ko‘rsatmalar berildi. Quruvchi ham kamchiliklarni bartaraf etishga va’da berdi. Albatta, tuman bo‘yicha open byudjetga qo‘yilgan hamma loyihalar doimiy nazoratimizda. Jumladan, ushbu loyiha bo‘yicha ham ishlar ko‘ngildagidek oxiriga yetkaziladi.
Ta’kidlash kerakki, “Tashabbusli byudjet” fuqarolarning o‘z hududidagi muammolarga nisbatan daxldorlik hissi va nazoratni ham sezilarli darajada oshirdi. Biz ham maktab jamoasiga qurilish ishlari yakuniga yetganida yana bir bor mavzuga qaytish va’dasi bilan ortimizga qaytdik.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri