Joriy yil 22 avgustdan “Tashabbusli byudjet” jarayonining ikkinchi mavsumi doirasida ovoz berish bosqichi boshlandi.
Shu munosabat bilan bugun AOKAda Iqtisodiyot va moliya vazirligi mas’ullari va OAV vakillari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat byudjeti siyosati departamenti direktori o‘rinbosari Shohrux Ishonqulov, Jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan loyihalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Azimjon Hasanov va mazkur bo‘lim bosh mutaxassisi Habibulla Hamidov “Tashabbusli byudjet” loyihasining 2024 yilgi II mavsumi uchun ajratilgan mablag‘lar, ilgari surilgan loyihalar va ovoz berish jarayoni haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat byudjeti siyosati departamenti direktori o‘rinbosari Shohrux Ishonqulov qayd etganidek, “Tashabbusli byudjet” jarayonini tashkil etishda fuqarolarning faolligi ushbu loyihaning yanada ahamiyatli ekanini ko‘rsatmoqda.
–Ushbu mavsumda fuqarolar tomonidan 27 mingdan ortiq loyiha ilgari surilgan. Shundan 23 mingdan ortiq qismi ishchi guruhlar tomonidan belgilangan mezonlarga muvofiq tanlab olindi va ovoz berish jarayoniga o‘tkazildi. G‘olib loyihalarni moliyalashtirish uchun 2 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilishi kutilmoqda. Joriy mavsumning avvalgi mavsumlardan farqli tarafi shundaki, endilikda “Tashabbusli byudjet” jarayonlari 4 bosqichda o‘tkaziladi. Ya’ni, 6-26 iyul kunlari taklif kiritish bosqichi, 26 iyuldan 15 avgustga qadar moderatsiya bosqichi, 15–22 avgust kunlari saralashdan o‘tgan loyihalar bo‘yicha targ‘ibot bosqichi va 22 avgustdan 1 sentyabrga qadar saralashdan o‘tgan loyihalarga ovoz berish bosqichi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Hammamizga ma’lumki, 2024 yil “Tashabbusli byudjet” jarayonlarining 1-mavsumidan boshlab “Bir fuqaro – bir ovoz” tamoyili joriy etilgan. Bu esa har bir fuqaroning ovoz berishda bir marotaba ishtirokini ifoda etadi, – dedi Sh.Ishonqulov.
Ta’kidlash kerakki, “Tashabbusli byudjet” jarayoni yildan yilga takomillashib bormoqda. Bunda bevosita keng jamoatchilik vakillari tomonidan bildirilgan takliflar muhim ahamiyat kasb etyapti. Tadbirda Iqtisodiyot va moliya vazirligining Jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan loyihalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Azimjon Hasanov bu boradagi o‘zgarishlarga to‘xtalib o‘tdi.
–O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2024 yil 29 iyuldagi KQ-787-IV sonli qaroriga asosan “Tashabbusli byudjet” jarayonini o‘tkazish bo‘yicha amaldagi tartibga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu jarayon bevosita keng jamoatchilik, jumladan, faol fuqarolar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda deputatlarning takliflarini inobatga olgan holda ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, barcha mahallalar uchun g‘olib bo‘lish imkoniyatini yaratish maqsadida endilikda “Tashabbusli byudjet” doirasida so‘nggi mavsumlarda ketma-ket ikki marotaba g‘olib deb topilgan mahalla (tashkilot)lar uchun navbatdagi ikki mavsum doirasida tanaffus e’lon qilinadi. Ushbu mahallalar uchun loyiha kiritish imkoniyati cheklanadi. Mazkur tartib, ya’ni tanaffus qo‘llash amaliyoti 2025 yil 2-mavsumdan boshlab qo‘llanadi. Bu esa, o‘z navbatida, bir necha mavsumdan beri jarayonlarda ishtirok etib kelayotgan, lekin to‘plagan ovozlari miqdori aholi soni katta mahallalarning to‘plagan ovozlari sonidan kam bo‘lgan mahallalarga g‘olib bo‘lish imkoniyatini beradi. Shuningdek, ovoz berishga byudjet tashkilotlari xodimlarini majburiy jalb etish holatlarini qayd etish bo‘yicha “qaynoq liniya” ishga tushirildi. Ovoz berish bosqichi yakunlanib, “Ochiq byudjet” portali tomonidan g‘olib loyihalar aniqlanganidan so‘ng Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlariga mahalliy byudjetning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan keyingi o‘rinlardagi g‘olib bo‘lmagan loyihalarni qo‘shimcha tarzda g‘olib deb e’lon qilish vakolati ham berildi. Masalan, birinchi mavsumda 50 dan ziyod loyiha ana shunday tartibda g‘olib bo‘ldi, –dedi A.Hasanov.
Shuningdek, tadbirda har bir g‘olib loyihalar ijrosi ishchi komissiya tomonidan har oy joyiga chiqqan holda o‘rganilishi va uning natijalari yuzasidan fotomateriallar “Ochiq byudjet” portalidagi “Sayyor-monitoring” bo‘limida aks ettirilishi kabi qator tartib-tamoyillar haqida ham so‘z yuritildi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA