“Tashabbusli byudjet”: aholi salomatligi yo‘lida
Aholi salomatligini muhofaza qilish va xavfli kasalliklarning oldini olish borasida Buxoro viloyati Olot tumanida ham muhim amaliy qadam qo‘yildi.
Xususan, “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida tumanda talab darajasidagi Orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi tibbiy laboratoriyasi barpo etilib, foydalanishga topshirildi. Mazkur loyiha jamoatchilik tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanib, tanlovda g‘olib deb topildi hamda uni amalga oshirish uchun 1 milliard 500 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Buxoro viloyati “OITS”ga qarshi kurashish markazining Olot tumanlararo “OIV” diagnostika laboratoriyasi binosi tuman markazida, tibbiyot birlashmasida barpo qilingan bo‘lib, olotliklar bilan bir qatorda, qo‘shni hududlar aholisi va mehmonlarga ham sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkonini beradi. Bu tibbiyot maskani viloyatda o‘z yo‘nalishi bo‘yicha dastlabkilaridan biri hisoblanib, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar va laboratoriya jihozlari bilan to‘liq ta’minlangan.

Tibbiy laboratoriyani foydalanishga topshirilishi munosabati bilan tuman hokimligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, tuman tibbiyot birlashmasi mutasaddilari hozir bo‘ldi. Zamonaviy laboratoriya faoliyati OIV infeksiyasini erta bosqichda aniqlash, bemorlarni o‘z vaqtida tibbiy nazoratga olish hamda kasallikning keng tarqalishining oldini olishda muhim o‘rin tutadi.

Shuningdek, “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida pudratchi “Gidro Civil Engineering” MCHJ tomonidan amalga oshirilgan ishlar, bunda tibbiyot birlashmasi jamoasining ovoz berishdagi hamjihatligi qayd etildi. Olis tumanda tibbiyot tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida viloyat va tuman hokimligi amaliy ko‘magida umumiy qiymati 2 milliard 200 million so‘mga teng zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar shifoxonaga olib kelinmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.