Tashabbuskor va izlanuvchan tadbirkor
Bugun yurtimizda aholi turmush darajasining izchil oshib borishi mebel mahsulotlariga bo‘lgan talabni ham oshirmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun keng imkoniyatlar yaratayotir. Ayniqsa, o‘z ishini yaxshi biladigan, izlanuvchan va tashabbuskor tadbirkorlar ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanib, nafaqat o‘z biznesini rivojlantirmoqda, balki mahalla iqtisodiyotiga ham salmoqli hissa qo‘shmoqda.
Ana shunday faol va g‘ayratli tadbirkorlardan biri Buxoro viloyati Olot tumani “Shayxlar” mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat yuritayotgan Spartak Bobochevdir. Uning mehnat faoliyati, izlanishlari va bugungi yutuqlari ko‘pchilik yoshlar uchun ibrat maktabi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Spartak Bobochevning mebelsozlikka bo‘lgan qiziqishi yoshlik yillaridan boshlangan. U uzoq yillar davomida ushbu hunar sirlarini chuqur o‘rganib, turli mebel sexlarida mehnat qildi. Samarqand va Buxoro shaharlarida tajribali ustalar qo‘lida tahsil olgani uning mahorati shakllanishida muhim ahamiyat kasb etdi. Ana shu yillar davomida orttirilgan bilim va tajriba bugun o‘z samarasini bermoqda.

Usta tadbirkor o‘z orzusini amalga oshirish maqsadida aniq reja asosida ish boshladi. Tuman hokimligiga murojaat qilib, mahalla ko‘magida 150 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit olishga erishdi. Ushbu mablag‘ evaziga xorijdan zamonaviy texnologiyalarga asoslangan uskunalar olib kelindi. Natijada ishlab chiqarish jarayoni yangi bosqichga ko‘tarildi.
Bugungi kunda uning sexida turli xil mebel mahsulotlari – xontaxtalar, oshxona jihozlari, yumshoq va qattiq mebellar zamonaviy talablar asosida ishlab chiqarilmoqda. Ayniqsa, kompyuterlashtirilgan dasturlar orqali boshqariladigan uskunalar ish jarayonini sezilarli darajada yengillashtirib, mahsulot sifatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. Kesish, frezerlash va bezak berish kabi jarayonlar yuqori aniqlikda amalga oshirilib, tayyor mahsulotning raqobatbardoshligini ta’minlamoqda.

E’tiborli jihati shundaki, tadbirkor faqatgina ishlab chiqarish bilan cheklanib qolmayapti. U “ustoz-shogird” an’anasini ham munosib davom ettirmoqda. Ayni paytda uning qo‘l ostida 4 nafar yosh shogird zamonaviy mebelsozlik sirlarini o‘rganmoqda. Bu esa kelgusida sohada malakali mutaxassislar sonining oshishiga zamin yaratadi.
Spartak Bobochev kelgusi rejalari haqida ham aniq maqsadlarga ega. U sex faoliyatini yanada kengaytirish, ish o‘rinlari sonini ko‘paytirish va mahsulot turlarini boyitishni rejalashtirmoqda. Shu orqali nafaqat o‘z daromadini oshirish, balki mahallaning iqtisodiy rivojiga yanada katta hissa qo‘shishni maqsad qilgan.

– Eng avvalo, mehnat va sabr, –deydi Spartak aka. –Har qanday ishni sidqidildan qilish kerak. Shuningdek, doimiy o‘rganish va yangilikka intilish ham juda muhim. Biror kasbni tanladingmi, uni puxta o‘rganish lozim. Qiyinchiliklardan qo‘rqmaslik, ustozlardan saboq olish va harakatdan to‘xtamaslik muvaffaqiyat kalitidir. Kelgusida ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi texnologiyalarni joriy etish va mahsulotlarimizni tashqi bozorlarga ham olib chiqishni niyat qilganmiz.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri