Tashabbus: velosipeddagi sayyor kitob do‘koni aholi xizmatida
Farg‘ona shahrilik Sardor Madg‘oziyev bir necha yillardan buyon kitob savdosi bilan shug‘ullanib keladi.
U oila a’zolari, xususan, dadasidan buni o‘rgangan. Ayni kunlarda shaharda bir nechta kitob do‘konlari tarmog‘i ishga tushirilib, faoliyat ko‘rsatmoqda. Yosh tadbirkor ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifasini ochib, onlayn kitob savdolarini yo‘lga qo‘ygan.

Sardor doimo izlanishda, yangiliklar yaratish yo‘lida tinim bilmaydi. Kitob savdosi bilan shug‘ullanish oson ish emas. Targ‘ibot, reklama bunda katta ahamiyatga ega. U anchadan buyon ko‘chma kitob do‘koni tashkil etishni o‘ylab yurardi. Bu maqsadda internet orqali rivojlangan davlatlarning tajribasini o‘rgandi va yangi loyihani ishlab chiqdi. Mahalliy ustalar yordamida sayyor kitob do‘koni velosipedga moslashtirildi. Uning aytishicha, barcha harajatlari bilan ixcham, har tomonlama qulay bo‘lgan do‘kon o‘n million so‘mga tushgan. Ayni kunlarda velosipedda harakatlanayotgan sayyor kitob tarmog‘i Farg‘ona shahrining aholi gavjum joylarida yurib, aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.

– Bunday velosipedga moslashgan do‘konlarimizni yana ham ko‘paytirmoqchimiz, samarasi yaxshi bo‘lyapti, – deydi tadbirkor. – Chunki aholida kitobxonlikka bo‘lgan qiziqish ortmoqda. Xaridorlarga ma’qul xizmatni yo‘lga qo‘yish borasida yana yangi loyihalarimiz bor.
M.Sulaymonov, O‘zA