Tartibga solish ta’sirini baholash – qonunchilikdagi kamchiliklarni aniqlash va tahlil qilish tizimi
Adliya vazirligida “Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tartibga solish ta’sirini baholash” mavzusida seminar o‘tkazildi.
Qonunchilikni tahlil qilish va tartibga solish ta’sirini baholash instituti hamda Adliya vazirligining Qonunchilikni tizimlashtirish va tartibga solish ta’sirini baholash boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Aytib o‘tish kerakki, tartibga solish ta’sirini baholash – bu normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari yoki amaldagi qonunchilik hujjatlari qabul qilinishi natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik oqibatlarni oldindan aniqlash va tahlil qilish tizimidir. Bu tizim O‘zbekistonda davlat tomonidan tadbirkorlik va fuqarolar faoliyatiga ortiqcha to‘siqlar qo‘yilishining oldini olish, byurokratiyani kamaytirish va qabul qilinayotgan qonunlar samaradorligini oshirish maqsadida joriy etilgan.

Tadbirda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda tartibga solish ta’sirini baholashning ahamiyati, mazkur jarayonni amalga oshirish tartibi hamda qabul qilingan hujjatlarning amaliy samaradorligini baholash masalalari muhokama qilindi.

Tartibga solishning muqobil variantlarini aniqlash, uning tadbirkorlik sub’ektlari va fuqarolarga ta’sirini baholash, mavjud tartibga solish choralarining samaradorligini tahlil qilish hamda amaliyotda uchrayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha fikr va tajribalar almashildi.
Ishtirokchilarning tartibga solish ta’sirini baholash sohasidagi bilim va amaliy ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashga qaratilgan savol-javob va muhokamalar o‘tkazildi.
N.Abduraimova, O‘zA