Tarmoqlar mustahkamlanib, ta’minot barqarorlashmoqda
Aholini, ayniqsa, qish oylarida elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash ko‘p jihatdan mavjud infratuzilma ob’ektlari, elektr uzatish tarmoqlari va transformator podstansiyalarining texnik holatiga bog‘liq. Shu bois kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida tarmoqlarni ta’mirlash, eskirgan uskunalarni yangilash va mavjud quvvatlarni mustahkamlash muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Bu esa, o‘z navbatida, tizim xodimlaridan katta kuch va mas’uliyat talab etadi.
Qishda elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolarning oldini olish, aholi xonadonlari bilan bir qatorda, ijtimoiy soha ob’ektlari, tashkilotlar va tadbirkorlik sub’ektlarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida Guliston shahrida elektr tarmoqlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlari tizimli tashkil etildi.
2026–2027-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida shaharda 95,2 kilometr 0,4–10 kVli elektr uzatish tarmog‘i hamda 38 ta transformator podstansiyasi kapital ta’mirdan chiqarildi. Bu ishlar doirasida tarmoqlarning eskirgan qismlarini yangilash, elektr uskunalarining texnik holatini yaxshilash va ularning ishonchli ishlashini ta’minlashga qaratilgan choralar ko‘rildi.
Shu bilan birga, 141 kilometr elektr uzatish tarmog‘ida va 80 ta transformator podstansiyasida joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Joriy ta’mirlash jarayonida tarmoq va uskunalarning texnik sozligi ta’minlanib, mavsumiy yuklamalarga tayyorgarlik darajasi oshirildi.
[gallery-31256]
Kapital va joriy ta’mirlash ishlarining uyg‘un olib borilayotgani shahar elektr ta’minoti tizimining barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Zero, qish faslida havo haroratining keskin pasayishi bilan elektr energiyasiga bo‘lgan talab ortishi tabiiy. Bunday sharoitda tarmoq va podstansiyalarning texnik jihatdan puxta tayyor holda bo‘lishi ehtimoliy nosozliklarning oldini olishda muhim omildir.
— Kuz-qish mavsumida iste’molchilarni elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash uchun tarmoqlarni mavsumga tayyorlash bilan bir qatorda, mavjud elektr infratuzilmasini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilishga alohida e’tibor qaratyapmiz. Kapital ta’mirlash doirasida eskirgan elektr uzatish tarmoqlari va transformator punktlari yangilanib, joriy ta’mirlash orqali mavjud tarmoqlarning texnik holati mustahkamlanmoqda. Bu esa yuklamalar ortishi mumkin bo‘lgan sovuq kunlarda elektr ta’minotida uzilishlarning oldini olish, iste’molchilarga sifatli va ishonchli xizmat ko‘rsatish imkonini yanada oshiradi, — deydi Guliston shahar elektr ta’minoti boshlig‘i Odiljon Qo‘ziyev.
Guliston shahrida elektr tarmoqlarini yangilash va modernizatsiya qilishga qaratilgan ishlar bir mavsumlik vazifa bilan cheklanmaydi. Bugun ta’mirlanayotgan tarmoqlar va podstansiyalar shahar elektr infratuzilmasining kelgusi barqarorligi uchun xizmat qiladi. Eng muhimi, amalga oshirilayotgan har bir ish ortida aholi xonadonlari, ijtimoiy ob’ektlar va ishlab chiqarish korxonalarini ishonchli elektr energiyasi bilan ta’minlashdek muhim vazifa turibdi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA