Adabiyot muxlislari G‘aybulla Salomovni (G‘aybulla as-Salom) badiiy tarjima bo‘yicha o‘ziga xos maktab yaratgan ijodkor sifatida doim katta ehtirom bilan yodga oladi.
Ustoz ijodkor 1932 yil 11 dekabr kuni Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida tavallud topgan.
Adabiyot fidoyisini shogirdlari tarjimashunos olim, publitsist sifatidagi faoliyatini bugungi kunda ham izchil tatqiq etib kelmoqda.
G‘aybulla Salomov Samarqand davlat universitetining Filologiya fakultetini tugatgan edi (1956). Keyinchalik "Fan va turmush" jurnalida bo‘lim mudiri, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida aspirant, ilmiy xodim, direktor o‘rinbosari (1956—1967) sifatida mehnat qildi.
"O‘zbek ensiklopediyasi" nashriyotida Bosh muharrir o‘rinbosari (1967—1969), Toshkent davlat universiteti tarjima nazariyasi kafedrasi mudiri (1969 yildan) bo‘lib ishladi. Olim O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida professor (1997—2000) bo‘lib faoliyat yuritdi.
G‘aybulla Salomovning ilmiy faoliyati badiiy tarjimashunoslik, ma’naviyat, ma’rifat va madaniyat masalalariga bag‘ishlangani bilan ahamiyatli.
G‘aybulla Salomov "Maqol va idiomalar tarjimasi" (1961), "Til va tarjima" (1966), "Tarjima nazariyasiga kirish" (1978), "Do‘stlik ko‘priklari" (1970, N.Komilov bilan hamkorlikda), "Adabiy an’ana va badiiy tarjima" (1980), "Tarjima nazariyasi asoslari" (1983) kabi kitoblar muallifidir.
G‘aybulla Salomov shaxsiyati, ijodga, ishga mas’uliyat bilan munosabati, milliy adabiyotimizga sodiqligi, shogirdparvarligi, teran ma’naviyati, bilimdonligi bilan bugun ham yoshlarga ibrat bo‘lishga arzigulikdir.
N.Usmonova,
O‘zA