Tarixsiz kelajak yo‘q
Prezidentimizning 2024-yilning 19-iyulida e’lon qilingan “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida”gi qarori qatag‘on qilingan ming-minglab oilalarning avlodlari qalbida yangicha bir mash’ala yoqdi, desak xato bo‘lmaydi.
Qarorda hozirgi tahlikali davrda mustaqilligimizni yanada mustahkamlash, tariximizning noma’lum sahifalarini tiklash va ilmiy nuqtai nazardan chuqur o‘rganish, inson, uning huquq va erkinliklarini oliy qadriyat sifatida e’tirof etish, shu asosda yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlodning Vatan taqdiri va kelajagiga daxldorlik tuyg‘usini, fuqarolik pozitsiyasini kuchaytirish, ularni bugungi tinch, erkin va ozod hayotning qadriga yetish ruhida tarbiyalash asosiy maqsad qilib olingan.
Darhaqiqat, har bir inson bor ekan, o‘z tarixini, o‘zini, o‘zligini bilishga daxldor va burchlidir. Uch ming yillik davlatchiligimiz tarixida xalqimiz boshidan ne-ne sinovlar, bosqinu-qirg‘inlar o‘tdi. Ayniqsa, XX asr tarixi xalqimiz irodasini, matonatini, jasoratini “sinadi”.
XX asrning 20-yillari oxiridan boshlangan “majburiy kollektivlashtirish” siyosati, bu bilan bir vaqtda o‘tkazilgan “quloqlashtirish”, xalqlarni “ko‘chirish” amaliyoti, “deportatsiyalar”, 1937-1938-yillardagi “Katta qirg‘in” siyosati, Ikkinchi jahon urushi davrida GULAG tizimidagi qatag‘onlar, 60-70-yillardagi “ziyolilar qatag‘oni”, 80-yillardagi “Paxta ishi” siyosati va qatag‘onlari xalqning misli ko‘rilmagan, inson “qadri yo‘qotilgan” davr sifatida tarixda qoldi.
“Qatag‘on” bu butun bir millat, yuz minglab xalqning boshiga zo‘ravonlik, tuhmat, adolatsizlik, va nohaqliklarning yog‘dirilishi oqibatida elning asl vatanparvar farzandlarini, ziyolilarini yo‘q qilinishidir. “Xalq dushmani”, “Xalq dushmanining bolasi” degan tamg‘a-yu ta’na-dashnom girdobida iztirob chekkan xalqimiz bu og‘ir yukni qancha vaqt ko‘tarib yurganini bilasizmi? Bir oiladan nohaq ayblanib, qatag‘on qilingan inson armon bilan dunyodan ko‘z yumgan bo‘lsa, uning ortida qolgan yaqinlari ham buning jabrini tortishga mahkum edilar.
“Mustabid tuzum” siyosati tufayli qanchadan qancha yoshlarimiz, hali “chimildiq” ko‘rmasdan, endi “mo‘ylabi sabza urgan” o‘smirlarimiz ham qatag‘on qilingani, hatto aybi to‘la isbotlanmasdan turib, avval otilib, o‘limidan so‘ng hukm e’lon qilingan ziyolilarimizning ayanchli taqdiri manbalardan bizga ma’lum. Bu achchiq haqiqat har bir vatanparvar insonning qalbini o‘rtaydi, tinchlik va mustaqillikning qadrini yanada oshiradi.
Qarorga muvofiq oktabr oyida “Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi”ni tashkil qilish ham belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra 2025-2026-yillarda mamlakatimizda qatag‘on qurbonlari hayoti va faoliyatini targ‘ib etish ishlarini yanada jadallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ijrosini ta’minlashga qaratilgan ko‘plab tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Qatag‘on qurboni bo‘lgan shaxslarning hayoti, faoliyati va ilmiy merosini keng targ‘ib qilish ishlarini tizimli tashkil etish, qatag‘on qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan respublika darajasida ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkil etish, qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi faoliyatini yanada takomillashtirish, ta’lim tashkilotlarida “Kelajak soati”, “Ma’rifat darslari” doirasida qatag‘on qurbonlari hayoti va faoliyatini keng targ‘ib qilish, o‘quvchi va talabalar ishtirokida “Yurt va millat fidoiylari yoddan chiqmaslar” mavzusida uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etish ishlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, qatag‘on qurbonlarining ibratli hayoti va faoliyati ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali ommaga yetkazib borilmoqda, mahallalarda qatag‘on qurbonlarining hayoti va faoliyati haqidagi ma’lumotlarni o‘zida aks ettirgan “Xotira lavhasi” o‘rnatilmoqda.
Qatag‘on qurbonlarining avlodlari va yaqinlari, o‘sha davr voqealariga guvoh bo‘lgan insonlarning xotiralarini yozib olish, tarixiy manbalar va noyob suratlarni to‘plash ishlari jadallashdi.
“Tarixiy xotira, ma’naviy va ruhiy tarbiya - Yangi O‘zbekiston poydevori” degan shior ostida barcha tuman, shahar va mahallalarda, tashkilot va muassasalarda ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot tadbirlari asosida “uch avlod uchrashuvlari”ni muntazam tashkil qilish aholi, ayniqsa, yosh avlodni mustaqillik va adolat tantanasi uchun kurashgan fidoyi ota-bobolarimizning xotirasiga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning ko‘rsatgan jasorati va ibratli faoliyatlarini targ‘ib etishga qaratilgan asosiy vazifalarimizdan.
Ma’lumot sifatida shuni aytish lozimki, hozirga kunga qadar Navoiy viloyati ilmiy-ishchi guruhi tomonidan 1917-1924, 1930-1938, 1983-1986-yillar oralig‘ida sovet hukumati tomonidan amalga oshirilgan qatag‘onlarda Navoiy viloyatining Karmana, Nurota, Xatirchi, Qiziltepa, Konimex tumanlaridan 4500 nafardan ortiq yurtdoshlarimizni nomma-nom aniqlashga muvaffaq bo‘lindi. Ularning nomlari “Qatag‘on qurbonlari. Xotira” kitoblariga kiritildi.
Mahallalarda, maktablarda “Qatag‘on qurbonlari xotirasi burchagi”ni tashkil qilinishi, ular yashagan xonadonlarda esdalik lavhalarining o‘rnatilishi haqiqiy yurt fidoyilarining jasoratlarini xalqimizga namoyon qilinishida ko‘zgu misoli bo‘ldi.
Umuman olganda qabul qilingan qaror tariximizning, milliy taraqqiyotimizning, tarixiy adolat tiklanishining yangi bosqichga o‘tishidagi alohida bir qadam bo‘ladi. Bu bevosita xalqimizning ongu tafakkuri, dunyoqarashi va taraqqiyot sari yangicha ruhda harakatlanayotganligidan dalolatdir.
Xurshid Qurbonov,
Navoiy davlat universiteti dotsenti,
Universitet tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi direktori.
O‘zA