O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida taniqli adiba, tarjimon, mohir publitsist Shahodat Isaxonova tavalludining 75 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir hamda «Sulton Jaloliddin Manguberdi», «Bibixonim», «Nodirai davron», «Gavharshodbegim» nomli kitoblarning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Adabiy anjumanda atoqli adiba Shahodat Isaxonova ijodi, asarlarining mohiyati va ahamiyati xususida batafsil so‘z yuritildi.
– Yurtimizning har bir kuni adabiyot bayramidek o‘tmoqda, uyushmaning ushbu anjumanlar zali esa so‘z san’ati muxlislari bilan hamisha gavjum, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari G‘ayrat Majid. – Bularning barchasi milliy adabiyotimizga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tiborning yorqin ifodasidir. Shahodat Isaxonova ham adabiyotimiz ravnaqi yo‘lida zahmat chekib ijod qilayotgan, uning rivojiga o‘z hissasini qo‘shayotgan yozuvchilarimizdan sanaladi.
– Yozuvchilar uyushmasi keng quloch yozib targ‘ibot ishlarini olib bormoqda, mamlakat bo‘ylab ma’rifat ulashmoqda, – dedi O‘zbekiston Qahramoni, adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurov. – Shahodat Isaxonova ijodining eng yuksak ko‘tarilgan davrida uning xursandchiligiga sherik bo‘lib turibmiz. Adiba qariyb 25-30 yil davomida to‘rtta katta tarixiy roman yaratib, O‘zbekiston xalqiga taqdim etdi. Uning bu ijodiy mahoratini haqiqiy ma’noda jasorat deyish mumkin. Chunki 25 yil davomida hali hech kim to‘rtta tarixiy roman yozib, xalqimizga taqdim etmagan edi. Ko‘p yillar avval uning Turkon Xotun haqidagi romanining qo‘lyozmasini o‘qib, dunyoga tarixiy mavzudagi asarlar taqdim etuvchi adiba kirib kelayotganiga ishonch hosil qilganman. Shahodat Isaxonova Bibixonim, Gavharshodbegim, shu kunlarda esa Nodirabegim haqida romanlar yozib, o‘sha davrning fojealarga to‘lib toshgan jarayonlarini aks ettirib, tarixnavis, romanchilik mahoratini egallagan yozuvchi sifatida o‘zini namoyon etdi. Demakki, o‘zbek malikalarining insoniyat tarixiga, taqdiriga ta’siri beqiyosligini, ularning fazilatlari dunyo malikalaridan aslo kam emasligini, qaysi jihatlar bilan esa ustunligini kitobxon yana bir bor yurakdan angladi.
[gallery-17807]
Shahodat Isaxonovaning «Bibixonim» tarixiy romani ikki qismdan iborat bo‘lib, unda Turon yurtining bosh malikasi Bibixonim va malikalar Tuman og‘o, Ruhparvar og‘o hamda kichik xonim Tukalxonim hayotining yulduzli onlari va ayanchli evrilishlari aks etgan.
«Sulton Jaloliddin Manguberdi» romanida Vatanimiz tarixining og‘ir va musibatli zamonlari – mo‘g‘ul bosqini va istibdodi davri voqealarini yoritishga bag‘ishlangan. Asarda Sulton Jaloliddin Manguberdi, Najmiddin Kubro, Temur Malik kabi xalq qahramonlari gavdalangan.
Muallifning keyingi ikki romanida Gavharshod begim va Nodirai davron haqida hikoya qilinadi. Mazkur kitoblarning barchasi «Ma’rifat bitiklari» nashriyotida «Turon malikalari» turkumida chop etilgan.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar adibaning ijodiy faoliyati, izlanishlari, tarixiy romanlarining yaratilishi va uning ahamiyatiga e’tibor qaratdi.
Taqdimot tadbirida ijodkorga Yozuvchilar uyushmasining esdalik sovg‘alari topshirildi. Yig‘ilganlarga muallifdan yangi kitoblar taqdim qilindi.
Nazokat Usmonova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA