Mart oyi mamlakatimizda “Milliy qadriyatlar oyligi” sifatida o‘tkazilmoqda. Uning doirasidagi tadbirlarda milliy an’ana va qadriyatlarimizning mohiyati, ahamiyati xususida yana bir karra fikr yuritish, targ‘ibotini kuchaytirish imkoni yaratilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda baxshichilik san’ati rivojiga katta e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda aprel oyida yurtimizda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan IV Xalqaro baxshichilik san’ati festivali ham ayni e’tiborning yana bir yorqin namunasidir.
Shuni ham aytish kerakki, bundan roppa-rosa 25 yil avval, 2000 yil 14 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni asosida “O‘zbekiston Respublikasi xalq baxshisi” unvoni ta’sis etilgan edi.
Zero, ulg‘ayib kelayotgan yoshlar zamonaviy bilimlar, ilg‘or texnologiyalar, bir nechta xorijiy tillarni egallashi bilan birga kimlarning avlodlari ekanini, o‘z ma’naviy ildizlarini, qanday boy va betakror merosning egasi ekanliklarini teran anglashi, bu merosni avaylashi muhimdir.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti tadqiqotchisi, folklorshunos Gulbahor Fozilova respublikamizdagi baxshichilik yo‘nalishidagi tadbirlarda, Turkiy davlatlarning xalqaro festivallarida faol ishtirok etgan. Uning baxshichilik san’atiga oid izlanish va ijodi mamlakat va xalqaro miqyosda yuqori baholangan, e’tirof etilgan. Gulbahor Fozilova bilan baxshichilik san’ati xususida suhbatlashdik.
– Keyingi yillarda mamlakatimizda baxshichilik san’atiga katta e’tibor qaratilmoqda. Bugungi tez o‘zgaruvchan, turli zararli g‘oyalar yoshlar ongiga gohida pinhona, goh oshkora singdirilayotgan murakkab davrda baxshichilik san’atining o‘rni qanday?
– Ha, mamlakatimizda boshqa san’at turlari kabi baxshichilik san’atiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Biz yashab turgan zamin qadimiy makon bo‘lib, ajdodlarimiz tomonidan eng qadimiy san’at namunalaridan keng foydalanilgan, insoniyatning dastlabki musiqiy san’ati baxshichilik hisoblanadi. Yurt kezib yigitlar va bobolarimiz o‘z ruhiy olamidagi kechinmalari, armonlari, orzu-umidlari, turli janglar xotiralarini kuylaganlar, ularni baxshilar, deb atashgan. Baxshilar dostonlar, termalar, aytishuvlarni yodda saqlaganlar. Ushbu qadriyat nomoddiy meros sifatida sulolalarga, shogirdlarga o‘tkazilgan. Bu an’ana hozirga qadar saqlanib qolmoqda.

Tamaddunlarni birlashtirgan bu qadimiy san’at turiga bugungi kunda alohida e’tibor qaratilmoqda. Keyingi yillarda qabul qilingan huquqiy-me’yoriy hujjatlar ushbu sohadagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 1 noyabrdagi “Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori bilan har ikki yilda bir marta Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish belgilandi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 noyabrda “Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham qabul qilindi.
Yuqoridagi hujjatlar asosida 2019 yilning 5-10 aprel kunlari I Xalqaro Baxshichilik san’ati festivali Termiz shahrida, II Xalqaro Baxshichilik san’ati festivali 2021 yil 17-20 sentyabr kunlari Nukusda, III Xalqaro Baxshichilik san’ati festivali 2023 yil 6-8 may Guliston shahrida o‘tkazildi. Bu tadbirlarda xalq ijodiyoti namoyandalari, san’at va madaniyat arboblari, olimlar va mutaxassislar ishtirok etdi.
“Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorning e’lon qilinishi va shu qaror asosida Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida Xalqaro baxshichilik san’ati festivali va “Jahon baxshilik san’atining o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy amaliy konferensiyaning tashkil etilgani kelgusida sohani ilmiy o‘rganish, muammolarni aniqlash imkonini berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 14 maydagi “Baxshichilik san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ushbu sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib bergani bilan ajralib turadi. Baxshichilik sohasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlarida baxshichilik san’ati davlat ansambllarini, ushbu san’at turi rivojlangan boshqa hududlarda esa viloyat ansambllarini tuzish, tegishli hududlarda bolalar musiqa va san’at maktablari qoshida baxshichilik san’ati sinflarini tashkil etish alohida vazifa qilib belgilab olindi. Bugungi kunda joylarda ushbu sohada o‘ziga xos maktablar yaratilgan va faoliyat olib bormoqda.
Baxshichilik tabiatan inson ruhida va qonida bo‘ladi, ta’lim muassasalarida ustozlar, pedagoglar uning rivojlanishiga hissa qo‘shadilar. Baxshilar kuylagan termalar va dostonlar yosh avlodni ruhan tarbiyalashga, ularni keng fikrlashga undaydi. Chunki, qadimiy navo sifatida insoniyat rivoji bilan birga kelayotgan bu san’at turida ulkan ma’naviy kuch bor. Baxshilar o‘ta katta iqtidor sohiblari, qator terma va dostonlarni yoddan aytadilar, ular uchun katta ansambl bo‘lishi talab etilmaydi.
Baxshi qo‘liga sozini olar ekan, avvalo, u ruhiy holatga tushadi, kuylayotgan matnini o‘zi sozga soladi, ijro yo‘lini mustaqil tanlaydi, bor kuchi va bilimi bilan keng jamoatchilik oldida doston, termalarini soatlab ijro etadi.
– Baxshichilik san’atining dunyo mamlakatlarida tarqalishi xususida qanday fikrdasiz?
– Albatta, baxshichilik eng qadimiy san’at turi sifatida insoniyat uchun xizmat qilishi kerak, bu san’at dunyo bo‘ylab keng tarqalishi kerak. Ayniqsa, bu san’at – turkiy dunyoning qadimiy merosi. Bugungi kunda Yer yuzi aholisining qariyb 15 foizi turkiy davlatlarda yashaydi yoki turkiy tillarni tarjimonsiz yaxshi tushunadi. Baxshichilikning o‘ziga xos qirralari millatimiz ma’naviyatini namoyon etadi. Shuning uchun bu san’at turini dunyo bo‘ylab targ‘ib etish muhimdir.
Qo‘liga bittagina do‘mbirani olib, ruhiy holatga tushib, nola va ohanglarni tanlab, asarni ijro etish kamdan kam millat vakillariga xos urf. Qadimdan bezavol tarzda kelayotgan mana shu urf, qadriyat biz kimmiz, qanday ajdodlar vakilimiz, bizning ruhiy olamimiz qaysi sifatlari bilan ajralib turadi, ana shu masalalarni dunyoga tanitish imkonini beradi.
Bugungi kunda davlatimizning xalqaro tashkilotlar, mintaqaviy tashkilotlar yoki turdosh (o‘xshash) tilli davlatlar uyushmalariga a’zoligi doirasida bu san’at turini keng singdirishimiz talab etiladi. Mamlakatimizda bu borada katta harakatlar olib borilayotgani diqqatga sazovor.
Xalqimizning milliy o‘zligini, qadimiy tarixi va tilini, uning hayot tarzi, an’ana va urf-odatlarini o‘zida mujassam etadigan, umumbashariy madaniyatning ajralmas qismi sifatida tan olingan baxshichilik san’ati atoqli baxshi-shoirlarimiz, folklorshunos olimlarimizning fidoyi mehnati, ijodiy tafakkuri bilan dostonlarimiz, xalq termalari, laparlar, aytishuvlar va boshqa nomoddiy ne’matlarimiz namunalari saqlab kelinmoqda.
YUNESKOning Butunjahon merosi katalogi yoki ensiklopediyasi (World Heritage) – tabiat yoki inson tomonidan yaratilgan alohida madaniy, tarixiy va ekologik ahamiyatga molik ob’ektlar jamlamasi bo‘lib, ularni asrab-avaylash, ommalashtirish va kelajak avlodlarga yetkazishni maqsad qiladi, bunga jiddiy e’tibor qaratiladi.
2024 yil holatiga ko‘ra Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga 1 ming 154 ta ob’ekt kiritilgan bo‘lib, ularning 897 tasi madaniy, 218 tasi tabiat, 39 tasi aralash ob’ektlardir. Bu ob’ektlar YUNESKOning Butunjahon madaniy va tabiat merosini muhofaza qilish Konvensiyasini ratifikatsiya qilgan 193 mamlakat hududida joylashgan.
Bugungi kunda qator folklor-etnografik asarlarimiz va milliy madaniyatimiz namunalari YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan. Jumladan, YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi sa’y-harakati bilan o‘zbek xalqining ko‘hna va betakror san’ati namunasi bo‘lgan baxshichilik san’ati ham YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosining reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi.
– Baxshichilik yo‘nalishini ilmiy tadqiq etish bilan birga o‘zingiz ham doston va termalarni jo‘shib ijro etgansiz, shu yo‘nalishda ijod qilasiz. Umuman, ayol-qizlarning ham baxshichilik san’ati bilan shug‘ullanishini qanday izohlagan bo‘lar edingiz?
– Baxshilar asosan erkaklardan iborat. Lekin har qanday termalarda va dostonlarda qizlar, ayollar, momolarning orzulari, sof va beg‘ubor tuyg‘ulari ham bor. Ayollarga xos qarashlar va orzu-umidlarni menimcha, ayollarning o‘zi kuylasa, u tinglovchiga boshqacha ta’sir o‘tkazadi. Ayniqsa, erkak va ayol baxshilar aytishuvi ijroning samimiyligini ta’minlaydi. Men shu yo‘nalishda ta’lim olganim va yoshlarga dars berib kelganim uchun Xorazm yo‘lidagi qator dostonlarni yodladim.
Ustoz ijodkor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Otaxon Matyoqubovga shogird tushib, “Oshiq G‘arib va Shohsanam”, “Oshiq G‘arib va Shohsanamning yoshlik” hamda “Oqqan daryo oqar begumon” dostonlarini ijro etdim, ular audio va video shakllarda yozib olindi, telekanallar orqali efirga uzatildi.
Kelgusida baxshichilik san’ati yo‘nalishida baxshilar, oqinlar va jirov ijrochilarining respublika ko‘rik-tanlovini tashkil etish va o‘tkazish, Respublika Baxshichilik san’ati markazini baxshi-shoirlar tomonidan yaratilgan va ijro etilayotgan doston, terma, aytimlarni sifatli yozib olish va targ‘ib etish uchun zarur bo‘lgan ovoz yozish hamda zamonaviy videotexnika vositalari bilan ta’minlash, folklor asarlarini audio va video disklarga yozib olish, ko‘paytirish va sotishni yo‘lga qo‘yish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, televideniye va internet imkoniyatlaridan samarali foydalanish orqali baxshichilik san’atini keng targ‘ib etish muhim vazifalardan bo‘lib qoladi, deb hisoblayman.
Ayniqsa, baxshichilik san’ati yo‘nalishida «ustoz-shogird» an’analarining saqlanishi va rivojlanishini ta’minlash maqsadida jamoatchilik asosida O‘zbekiston baxshilar uyushmasi va uning hududiy bo‘limlarini tashkil etish respublikamizdagi barcha baxshilarni bir joyda to‘plash, ular o‘rtasida ijodiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning ijodiy salohiyatini rivojlantirish va san’atning ushbu turini dunyo bo‘yicha, tizimli targ‘ib qilish imkonini beradi.
Davlatimiz rahbari tomonidan bugungi kunda respublikamizning turkiy dunyoda baxshichilik san’atini keng targ‘ib qilish, turkiy tilli davlatlar baxshilari o‘rtasida ijodiy muloqot o‘rnatish, ustoz baxshilarga munosib hurmat ko‘rsatish, baxshichilik namunalarini yozib olish va kelajak avlodlarga yetkazish yo‘lidagi ezgu va ibratli keng qamrovli ishlar alohida e’tiborga molik.
– Samimiy suhbat uchun tashakkur!
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova suhbatlashdi.