Tarixiy xotirasiz kelajak yoʻq
Darhaqiqat, oʻz tarixini bilmagan xalq tanazzulga mahkumdir.
Amir Temur tavalludining 684-yilligiga
Darhaqiqat, oʻz tarixini bilmagan xalq tanazzulga mahkumdir. Mamlakatimiz mustaqillikni qoʻlga kiritganidan keyin yurtimiz, xalqimiz tarixini chuqur oʻrganish asosiy masalalardan biriga aylandi.
Amir Temur bobomiz oʻzbek davlatchiligi tarixida oʻziga xos oʻringa ega boʻlgan shaxslardan biridir. Amir Temurning yoshligi haqida maʼlumotlar kam uchrasa-da, ayrim manbalarga qaraganda, u yoshligida xat-savod chiqarib, oʻz davrining tibbiyot, riyoziyot, falakiyot, meʼmorchilik va tarix ilmlarini oʻrgangan. Amir Temur bilan suhbatlashish sharafiga muyassar boʻlgan buyuk arab faylasufi Ibn Xaldun jahongir turk, arab, fors xalqlari tarixini, diniy, dunyoviy va falsafiy bilimlarning murakkab jihatlarigacha yaxshi oʻzlashtirganini taʼkidlaydi.
Ayni paytda yurtimizda eʼlon qilingan karantin vaqtidan unumli foydalangan holda, Amir Temur hayoti va faoliyatidan hikoya qiluvchi fransuz yozuvchisi Marsel Bryunning “Men jahonni ochgan Temurman” romanini, shuningdek, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarlarini mutolaa qilayapman. Bu asarlarda buyuk bobokalonimiz tomonidan amalga oshirilgan ishlarga alohida toʻxtalib oʻtiladi. Jumladan, “Boburnoma”da muallif Amir Temur nomini otasi Umarshayx Mirzo bilan bogʻliq bayonlar munosabati bilan tilga olib, to Dehli va Agra shaharlarida kechgan voqealar tasvirigacha u bilan birma-bir tanishtirib borgan.
“Temur tuzuklari" esa bugungi kunda ham oʻz qimmati va qiymatini yoʻqotgan emas. Undagi fikrlar bugungi kunga ham mos keladi. Asarda davlat tizimi, turli lavozimlarning vazifasi, undagi turli toifalar va ularga munosabat, qoʻshinlarning tuzilishi, tartibi, uni boshqarish, taʼminlash, ragʻbatlantirish, qoʻshin turlarining tutgan oʻrni va oʻzaro munosabati kabi masalalar bayon etiladi.
“Kuch – adolatdadir”. Adolat bor joyda rivojlanish, toʻkinlik va yuksalish boʻladi.
Amir Temur bobomiz oʻz davrida bunyodkorlik ishlariga ham alohida eʼtibor qaratganlarki, bugun ham biz avlodlar bobomiz qurdirgan imoratlar bilan mudom faxrlanamiz. Va, oʻz navbatida, ajdodlarga munosib avlod sifatida yurtimizda ham ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqdaki, beixtiyor “Bizning qudratimizni koʻrmoqchi boʻlsang, biz qurdirgan imoratlarga boq”, deging keladi.
Xullas, Amir Temur bobomiz shijoati, u qoldirgan meros biz avlodlarni yurt tinchligi, Vatan taraqqiyoti va xalq farovonligi yoʻlida mehnat qilishga undayveradi.
Ilhom RAJABOV,
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish”
demokratik partiyasi Navoiy viloyati
Kengashi raisi.