Tarixiy ob’ektlarga ruxsatsiz reklama bannerlari o‘rnatgan fuqarolarga chora ko‘rildi
Qadimiy va zamonaviylik uyg‘unlashgan shaharda madaniy meros ob’ektlarini saqlash kelajak avlodlar uchun bebaho boylikni yetkazishda muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda mas’ul tashkilotlar tomonidan muntazam nazorat ishlari olib borilmoqda. So‘nggi o‘rganishlar esa bu yo‘nalishda hali yechimini kutayotgan muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Joriy yilda Madaniy meros agentligi tomonidan tashkil etilgan ishchi guruh Toshkent hududidagi 28 ta madaniy meros ob’ektini batafsil o‘rganib chiqdi. Mazkur monitoring ishlari nafaqat ob’ektlarning jismoniy holatini baholash, balki ularning tarixiy va me’moriy qiyofasini saqlash darajasini aniqlashga qaratildi.

O‘rganishlar natijasida bir qator muammolar yuzaga chiqdi. Xususan, ayrim ob’ektlarda yuza qismlarining ifloslangani, tashqi omillar ta’sirida eskirgani kuzatildi. Bu esa ularning umumiy estetik ko‘rinishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Yana ham jiddiyroq holat, ayrim ob’ektlarda tegishli ruxsatnomalarsiz ta’mirlash ishlari olib borilgani, reklama bannerlari o‘rnatilgani hamda tarixiy yuzalarga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishlar kiritilganidir. Bunday holatlar madaniy merosni saqlash tamoyillariga zid bo‘lib, ularning asl qiyofasini yo‘qotish xavfini tug‘diradi.
Monitoring davomida alohida e’tibor Shayxontohur tumani hududidagi Navoiy ko‘chasida joylashgan ob’ektlarga qaratildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi binosi yuzasidan chuqurlashtirilgan o‘rganishlar olib borildi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, bino yuza qismining rangi ushbu ko‘cha bo‘yicha shakllantirilgan me’moriy konsepsiyaga mos kelmaydi. Bundan tashqari, ob’ekt uchun belgilangan muhofaza belgisi o‘rnatilmagani ham aniqlangan. Bu esa muhofaza tizimida tashkiliy kamchiliklar mavjudligini anglatadi.

Shu ko‘chada joylashgan yana bir muhim ob’ekt Alisher Navoiy nomli san’at saroyi hududida ruxsatsiz reklama bannerlari o‘rnatilgani aniqlanib, ular zudlik bilan olib tashlandi. Bu holat tijorat manfaatlari ayrim hollarda tarixiy muhitdan ustun qo‘yilayotganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, Navoiy ko‘chasidagi markaziy telegraf binosi hududida ruxsatsiz yer qazish ishlari olib borilgani aniqlanib, bu jarayon darhol to‘xtatildi. Bu kabi aralashuvlar nafaqat bino konstruksiyasiga, balki uning tarixiy qiymatiga ham jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
Bundan tashqari, ayrim ob’ektlarda ruxsatsiz ta’mirlash ishlari, konditsioner qurilmalarining me’yorlarga zid o‘rnatilishi kabi holatlar ham qayd etildi. Bu esa madaniy merosni muhofaza qilish borasida nazorat kuchaytirilishi zarurligini yana bir bor tasdiqlaydi. Shu bilan birga, tezkor choralar ko‘rilgani ijobiy jihat sifatida baholanishi mumkin. Aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha joyida ko‘rsatmalar berilib, noqonuniy holatlar bartaraf etildi.

Toshkent shahrida olib borilgan monitoring ishlari madaniy merosni saqlash masalasi doimiy nazoratni talab qilishini yana bir bor ko‘rsatdi. Tarixiy ob’ektlar shunchaki bino emas, balki xalqning o‘tmishi, madaniyati va o‘zligini aks ettiruvchi muhim boylikdir.
Shu sababli, ularni asrash faqat davlat organlarining emas, balki butun bir jamiyatning zimmasidagi mas’uliyatdir. Qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilish, har qanday o‘zboshimchalikning oldini olish va tarixiy muhitni saqlash bo‘yicha murosasiz choralar ko‘rish bu yo‘ldagi eng muhim omillardan. Agar ushbu yo‘nalishda tizimli va izchil ishlar davom ettirilsa, poytaxtning tarixiy qiyofasini saqlab qolish va uni kelajak avlodlarga yetkazish imkoniyati yanada mustahkamlanadi.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA