Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan, ona tilim!
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinganining 30 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinganining 30 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar davom etmoqda.
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingani, mazkur qonunga muvofiq o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 30 yil to‘ldi. Har yili 21 oktabr sanasi yurtimizda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun sifatida keng nishonlanadi. Ayniqsa, bu yilgi shonli sana – mazkur tarixiy voqeaning 30 yilligi o‘zgacha shukuh, munosib taraddud bilan qarshi olindi. Bu borada Prezidentimizning 2019 yil 4 oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” qarori muhim huquqiy asos vazifasini o‘tayotir.
Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanidagi umumta’lim maktablarida ham o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishining shonli sanasi keng nishonlandi. Jumladan, tumandagi 48-umumta’lim maktabida “Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan, ona tilim!” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tuman hokimligi, tuman xalq ta’limi bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda tumanning ilg‘or ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchilari, ijodkorlar, maktab o‘quvchilari va ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Tadbirda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishining ahamiyati, ona tilimizning rivojlanish tarixi, ayni paytda til bilan bog‘liq kuzatilayotgan ayrim muammolar va ularning oldini olish bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.
– Tilimiz qanchalik qudratli va boy tarixga ega bo‘lmasin, ayni paytga kelib islohga muhtoj edi, – deydi tuman xalq ta’limi bo‘limi uslubchisi Shahnoza Normamatova. – Ko‘chalardagi reklamalarning imloviy xatolari yoki faqat chet tillarida ekanini yoki ayrim xususiy telekanallar ko‘rsatuvlaridagi shevalarni olasizmi, tilimizga doir qonunchilikda belgilangan talablar buzilayotganini ko‘rishimiz mumkin edi. Mana shulardan kelib chiqib, kuni kecha e’lon qilingan Prezidentimizning “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ayni paytda qabul qilingan muhim hujjat, deb o‘ylayman. Mazkur hujjatga muvofiq, o‘zbek tilini rivojlantirish, “Davlat tili haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini bugungi kun talablari nuqtai nazaridan takomillashtirgan holda uning yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqish, “O‘zbek tili bayrami kuni”ni belgilash kabi muhim vazifalar belgilangani ona tilimizni yanada rivojlantirish, nufuzini oshirishga xizmat qiladi.
Tadbir doirasida maktab o‘quvchilarining hunarmandchilik, kashtachilik, texnologiya kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ijodiy ishlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Shuningdek, o‘zbek adabiyoti yetuk vakillarining tilimizni ulug‘lovchi misralari yoddan o‘qilib, asarlari asosida sahnalashtirilgan badiiy dastur namoyish etildi.