Tariximizning xorijdagi hikoyanavislari
Vatanimiz tarixi boy, o‘tmishi shonli.
Vatanimiz tarixi boy, o‘tmishi shonli. Moziy hikoyanavislari – qadimiy qo‘lyozmalar, san’at asarlari, osori-atiqalari ham shu haqda so‘zlaydi. Bunday noyob ashyolarda tariximiz va madaniyatimizning bizga noma’lum qirralari, ochilmagan sahifalari bisyor. Shuning uchun ham ularni asrash, tadqiq etish bugunni o‘tmishga yanada yaqinlashtiradi.
Ayni jihat O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi tomonidan “O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklar – madaniyatimizning ajralmas qismi” mavzusida tashkil etilgan respublika ilmiy anjumanidagi fikrlar, muhokamalarda ham o‘z isbotini topdi.
Anjumanda chet ellardagi turli muzeylar, arxivlar va boshqa ilmiy madaniy muassasalarda saqlanayotgan O‘zbekiston tarixi, madaniyatiga oid madaniy boyliklar ustida olib borilayotgan tadqiqotlar, ularning natijalari ilmiy-tadqiqot va ta’lim sohasidagi yetakchi mutaxassislar, yosh olimlar e’tibor markazida bo‘ldi.
– Markazimiz xorijiy davlatlarning muzeylari va arxiv fondlarida saqlanayotgan madaniy meros yodgorliklarini aniqlash va tadqiq etish, ularni imkon qadar mamlakatimizga olib kelish borasida ish olib bormoqda, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi direktori, falsafa fanlari doktori, professor Roiq Bahodirov. – Maqsadimiz xalqimiz, xususan, yoshlarimizni ana shu bebaho ma’naviy boylikdan bahramand etish, tariximiz va madaniyatimizni chuqur o‘rganishdan iborat. Hozir chet ellardagi O‘zbekistonga oid madaniy boyliklar ma’lumotlar bazasi – reestrini yaratish va uni muntazam yangilab borish bo‘yicha ishlayapmiz. To‘g‘ri, avval ham bunday reestr tayyorlangan, lekin biz unda ma’lumotlar manbasini ketma-ket joylashtirish bilan cheklanayotgandik. Endilikda foydalanish uchun yanada qulay bo‘lishini ta’minlash maqsadida yangi elektron dastur ishlab chiqyapmiz. Unda ma’lumotlar alifbo tartibida, to‘liq tavsif va ta’rifda joylashtiriladi. Reestr asosida to‘plangan qo‘lyozmalarning faksimile nusxasini ham nashr etmoqchimiz. Chet ellardagi madaniy muassasalar bilan hamkorlikdagi ishlarimiz natijalarini o‘zbek, ingliz, rus tillarida chop etayapmiz. Bu ma’naviy boyliklarimizni yurtimiz, qolaversa, butun jahonga targ‘ib qilishda alohida o‘rin tutmoqda.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi vakillari joriy yil sentabr oyida Turkiya Respublikasining Anqara va Istanbul shaharlarida bo‘ldi.
Ma’lum bo‘lishicha, Turkiyaning qator shaharlarida Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistondan yetishib chiqqan allomalar qalamiga mansub qo‘lyozma asarlar mavjud.
Markaz delegatsiyasi Sulaymoniya va boshqa qator kutubxonalarda saqlanayotgan Abu Abdulloh al-Xorazmiyning “Mafotih al-ulum”, at-Termiziyning risolalari va boshqa qator qo‘lyozmalarning rangli elektron nusxalarini yurtimizga olib kelishga erishdi.
Yana bir e’tiborga molik katta ilmiy va tarixiy yangilik: Alisher Navoiy hayotligi davrida ko‘chirilgan “Badoe’ ul-bidoya” devoni nusxasi ham O‘zbekistonga olib kelindi. Aytish joiz, navoiyshunoslikka shu vaqtgacha Alisher Navoiy tartib bergan dastlabki devon – “Badoe’ ul-bidoya”ning shoir hayotligi davrida (1480-1486 yillar) ko‘chirilgan to‘rt nusxasi (Parij, London, Boku va Toshkent qo‘lyozmalari) ma’lum edi.
– Bu qo‘lyozmalar Turkiyaga nima sababdan va qanday qilib borib qolgani, umuman, Navoiyning Turkiyada tutgan o‘rnini ilmiy asosda o‘rganish oldimizdagi vazifalardan biri bo‘lib turibdi, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi bo‘lim boshlig‘i Aftondil Erkinov. – Aslida dunyoning deyarli barcha mamlakatida O‘zbekistonning madaniy boyliklari bor. Ularni, albatta, o‘rganishimiz kerak. Bu tariximizni haqqoniy va to‘liq yoritishda, o‘rganishda nihoyatda muhim.
Ilmiy anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining Yosh olimlar kengashi raisi Hilola Nazirova Munis Xorazmiyning “To‘ynoma” masnaviysining Sankt-Peterburg nusxasiga oid ma’lumotlarni ishtirokchilar e’tiboriga havola etdi. Uning aytishicha, mazkur asar Xiva xoni Olloqulixon tomonidan buyurtma asosida yozilgan. Unda saroy a’yonlari tomonidan to‘yga to‘yona sifatida bitilgan to‘ynomalar jamlangan. Asar Sankt-Peterburg shahridagi Rossiya milliy kutubxonasida yagona nusxada saqlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida uning yana ikkita nusxasi mavjud. Yosh olima kelgusida ushbu asarning ilmiy tanqidiy matni yoki faksimile nusxasini chop etish niyatida.
– O‘zbek mumtoz adabiyoti Amerikada ham katta qiziqish bilan o‘rganiladi, – dedi mustaqil tadqiqotchi Gulandom Yuldasheva. –Oksfordning Bodlean kutubxonasida Ahmad ibn Xudaydod Taroziyning “Funun ul-balog‘a” asari saqlanmoqda. U XV asrning birinchi yarmida Movoraunnahrda yashagan Navoiy salaflarining she’riyati haqida bo‘lib, Mirzo Ulug‘bek homiyligi asosida Samarqandda yozilgan. Ahamiyatli jihati shundaki, u temuriylar davri O‘rta Osiyo tarixini yorituvchi eski turkiy tildagi noyob asar. Unda Lutfiy, Atoiy, Sakkokiy kabi turkiyzabon shoirlarning ijodi ham yoritilgan. “Funun ul-balog‘a” 1930 yilda Xerman Esa tomonidan tadqiq etilgan. Professor Devin Devis ham bu qo‘lyozmaga qiziqib qolib, uni astoydil o‘rgangan. Ushbu bebaho qo‘lyozmani o‘zbek olimlari yanada batafsil tahlil etsa, juda ko‘p qimmatli ma’lumotlarni qo‘lga kiritamiz.
Tadbir davomida O‘zbekistonning madaniyati va ma’naviy merosiga oid xorijdan keltirilgan qo‘lyozmalarning elektron nusxalari va nodir kitoblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Asosiy kutubxonasi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, San’atshunoslik instituti, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Toshkent davlat Sharqshunoslik instituti vakillariga taqdim etildi.