Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan, ona tilim!
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga oid atamalar esa hozirda eng koʻp ishlatiladi
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni munosabati bilan “Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan, ona tilim!” mavzuida ijodiy uchrashuv oʻtkazildi.
Vazirlar Mahkamasi Davlat tilini rivojlantirish departamenti va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda yozuvchi-shoirlar, tilshunos olimlar, vazirlik masʼullari, shuningdek, videokonferensaloqa shaklida vazirlikning hududiy boʻlimlari xodimlari ishtirok etdi.
Prezidentimiz Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma toʻqqiz yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimda milliy davlatchiligimiz va oʻzligimiz timsoli boʻlgan ona tilimizni rivojlantirish eng muhim vazifa boʻlib qolishi, bu yil 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni butun mamlakatimiz miqyosida keng nishonlanishiga alohida toʻxtalib oʻtgan edi.
Tadbirda ona tilimizning buyukligi, betakrorligi va oʻziga xos jozibasi haqida soʻz borib, tilni rivojlantirish, takomillashtirishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish zarurligi, ona tilimizni asrab-avaylash har birimizning burchimiz ekani taʼkidladi.
Tadbir doirasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda Fanlar Akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti tomonidan nashrga tayyorlangan 5 jildlik “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” hamda “Davlat tilida ish yuritish” uslubiy qoʻllanmasining taqdimoti oʻtkazilib, mazkur qoʻllanma vazirlik markaziy apparati boshqarma va boʻlimlariga taqdim etildi. Shuningdek, tizimdagi boshqa korxona va tashkilotlarga mazkur qoʻllanmaning elektron varianti yetkazib berildi.
– Bugungi kunda aholi oʻrtasida keng foydalanilayotgan turli sohalarga oid atamalarni oʻrganib chiqyapmiz, – dedi Vazirlar Mahkamasi Davlat tilini rivojlantirish departamenti masʼul xodimi F.Haitov. – Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga oid atamalar esa hozirda eng koʻp ishlatiladi. Shu bois, bu jarayonni vazirlik bilan hamkorlikda yana-da jadalroq amalga oshirish rejalashtirilgan.
Tadbirda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktabining oʻquvchilari tomonidan tayyorlangan ijodiy dastur namoyish etildi.