Boburiylar sulolasining eng qattiqqo‘l vakili
Abu Muzaffar Muhammad Avrangzeb Olamgir ibn Shohjahon. Saltanat, toj-taxt uchun ikki akasining qoniga zomin bo‘lib, otasining qarg‘ishiga uchragan shoh. Iblisning makriga aldanib, hayot sahifalarini zulm va ma’siyat dog‘lari bilan to‘ldirgan Avrangzeb...
Bobur Mirzo va Boburiylar tarixi, ushbu sulola vakillari haqida kitoblarda, davriy nashrlarda ko‘p o‘qiganmiz, filmlar tomosha qilganmiz. Ayniqsa, buyuk ajdodlarimiz tomonidan Hindistonning Agra shahrida bunyod etilgan, dunyoning sakkizinchi mo‘’jizasi deya nom olgan Toj Mahal qasrining mahobati, ulug‘vorligi va go‘zalligidan qalbimiz cheksiz g‘urur va iftixorga to‘ladi. Bu obidani bunyod etishda Vatanimizdan borgan ustalar ham ishtirok etgan. U asrlar mobaynida sevgi va vafo qasri sifatida yetti iqlimdan kelgan sayyohlarni o‘ziga maftun etib keladi.
Ma’lumki, Toj Mahal Boburiyzoda hukmdor, Akbarshohning nevarasi, Jahongirshohning o‘g‘li Shohjahon tashabbusi bilan sevikli ayoli Arjumandbonu (Mumtoz Mahal begim) vasiyatiga binoan 1632-1650 yillar davomida bunyod etilgan. Aytishlaricha, bu me’moriy obidani bunyod etish uchun yigirma yilga yaqin vaqt kerak bo‘lgan, uning qurilishida Sharq va G‘arbning turli o‘lkalaridan kelgan 20 ming nafardan ortiq quruvchilar, me’morlar va qullar ishtirok etgan.
Shohjahon yetuk sarkarda, qat’iyatli va qattiqqo‘l davlat rahbari sifatidagina emas, o‘z sevgisiga sadoqatli va vafodor inson sifatida ham tarix sahifalariga muhrlanib qolgan.
Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Arjumandbonu Shohjahonning asli eroniylardan bo‘lgan tog‘asi Osafxonning qizi bo‘lib, benazir aqlu zakovati, husnu malohati bilan dovrug‘ qozongan. U eri Shohjahondan o‘n to‘rt farzand ko‘rgan, ulardan olti nafari bolaligidayoq nobud bo‘lgan. Arjumandbonu kenja farzandini dunyoga keltirayotib, 1631 yilda 38 yoshida foniy dunyoni tark etadi. O‘limi oldidan erining tizzasiga bosh qo‘yib, farzandlariga mehribon bo‘lishni, boshqa ayolga uylanmaslikni, o‘ziga atab betakror obida qurishni vasiyat qilgan.
Shohjahon malikaning barcha vasiyatlarini so‘zsiz bajo keltirdi. Butun umr marhuma ayoliga sadoqat bilan yashadi. Unga atab dunyoda tengsiz qasrni ham bunyod etdi. Farzandlaridan o‘z mehrini darig‘ tutmadi. Ammo, farzandlari otaning bu muhabbatiga munosib javob qaytara olmadilar. Ayniqsa, bemehr, shafqatsiz va noinsof Avrangzebning nobakorligi hammasidan oshib tushdi.
Shohjahon katta o‘g‘li Doroshukuhni Avrangzebdan a’lo ko‘rardi. Doroshukuh valiahd ekani hammaga ravshan edi. Otasi keksayib, ko‘zidan nur, belidan quvvat ketgach, Avrangzeb unga qarshi bosh ko‘tardi. Shohjahonni taxtdan ag‘darib, o‘zini shahanshoh deya e’lon qildi.
Otasini Toj Mahal ro‘parasida, Jamna daryosining narigi qirg‘og‘idagi Qizil qal’ada xibsda saqlashni buyuradi. Sho‘rlik ota umrning so‘nggi yillarini tutqunlikda, azob-uqubatlar ichida o‘tkazadi. Avrangzeb otasi bilan Qizil qal’ada uchrashib undan o‘z ixtiyori bilan taxtdan voz kechishni so‘raydi. Shohjahon tabiiyki bunga rozi bo‘lmaydi. Chunki, uning niyati Avrangzebga ma’lum edi.
Shu bois, u otasini tutqunlikda asrab, akasini din peshvolari hukmi bilan dinsizlikda, mayxo‘rlik va zinokorlikda ayblab, boshini tanidan judo qildiradi. Keyin akasining boshini barkashga solib otasining huzuriga yuboradi. Mulozimlarning aytishicha, ota suyukli o‘g‘lining boshini ko‘rishi bilan bir oh urganu, hushini yo‘qotgan. Shundan so‘ng muttasil yig‘layverib, ko‘z nuridan ajralgan.
Shohjahonning so‘nggi kunlariga qadar katta qizi Jahonoro begim yonidan jilmay, issiq-sovug‘idan doim xabardor bo‘lib turgan. Tutqun hukmdor Qizil qal’a qarshisida o‘zi bino etgan Toj Mahalga termulgan kuyi omonatini topshirgan ekan. Avrangzeb otasini shohona izzat-ikrom bilan onasi Arjumandbonuning yoniga dafn ettiradi.
Bundan tashqari, Avrangzeb hukmronligi paytida zolimligi, shafqatsizligi bois xalqning noroziligiga uchragan. Boburiy ajdodlaridan farqli o‘laroq, o‘zini islom dinining homiysi sifatida ko‘rsatish maqsadida g‘ayridin hindlarga qarshi qattiq zug‘um o‘tkazgani, ularni ayovsiz talagani, qatl ettirgani ham tarixdan yaxshi ma’lum.
Bu hayotda hech narsa izsiz ketmaydi. 1681 yil yanvar oyida shohning sevimli o‘g‘li Sulton Muxammad Akbar Rajputan viloyatida otasiga qarshi qo‘zg‘olon ko‘taradi. Ammo ko‘p o‘tmay, isyon shafqatsizlik bilan bostiriladi. Shahzodaning o‘zi qochib jon saqlaydi.
Shoh mamlakatni uzoq yillar qat’iyat va shafqatsizlik bilan boshqaradi.
U umrining so‘ngida farzandlariga bitgan maktubida shunday degandi: "Men bu dunyoga yolg‘iz keluvdim, yolg‘iz ketyapman. Men yangidan davlat tuzmadim, raiyatga qayishmadim. O‘tgan kunlar taassuf va pushaymondan boshqa narsa qoldirmadi..."
Avrangzeb 1707 yil 3 mart kuni 88 yoshda olamdan o‘tadi...
Rustam JABBOROV. O‘zA