Tarix yana kun tartibida: Varshava va Kiyev o‘rtasi soviydimi?
Polsha va Ukraina o‘rtasida so‘nggi yillarda shakllangan yaqin hamkorlik kutilmagan siyosiy bahs bilan yuzma-yuz keldi. Ikki mamlakatni birlashtirib turgan xavfsizlik va mintaqaviy barqarorlik asnosida tarixiy xotiraga oid qaror yangi tortishuvga sabab bo‘ldi. Mutaxassislar bu vaziyatni diplomatik inqiroz deya baholamasa-da, munosabatning sezilarli darajada sovushi sifatida ko‘ryapti. Ayniqsa, bahs davlat mukofoti darajasigacha chiqqanini ko‘pchilik ramziy voqea sifatida qabul qilmoqda.
Mojaroga Prezident Vladimir Zelenskiyning maxsus harbiy bo‘linmaga “Ukraina qo‘zg‘olonchi armiyasi qahramonlari” nomini berish haqidagi qarori turtki bo‘ldi. Mazkur tuzilma ayrim ukrainlar tomonidan mustaqillik uchun kurash ramzi sifatida ko‘rilsa, Polshada u “Volin” fojiasi bilan bog‘lanadi. Volin fojiasi – Ikkinchi jahon urushi yillarida minglab polyak halok bo‘lgan qonli voqeadir. Shu bois rasmiy Varshava mazkur qarorni og‘riqli tarixiy sahifani inobatga olmaslik sifatida baholadi.
Xullas, Polsha rahbari Karol Navrotskiy Zelenskiyni mamlakatning eng yuqori davlat mukofoti – “Oq burgut” ordenidan mahrum qildi. Bu davlat oldidagi alohida xizmati uchun beriladigan eng nufuzli sovrin hisoblanadi. Kiyev mazkur qarorni salbiy qabul qildi va davlat rahbari ordenni qaytarib yuborishini ma’lum qildi. U mukofotni avvalo mamlakat himoyachilari va xalqqa ko‘rsatilgan hurmat ramzi sifatida qabul qilganini ta’kidladi.
Mavzuga qator yuqori martabali amaldorlar ham munosabat bildirdi. Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga hamda boshqa rasmiylar avvalroq olgan polyak mukofotlaridan voz kechishga qaror qildi. Keyinroq sobiq Prezidentlar Leonid Kuchma, Viktor Yuenko va Pyotr Poroshenko ham shunga o‘xshash qadam tashladi. Ular bu harakat Polsha xalqiga qarshi emasligi, balki yuzaga kelgan vaziyatga nisbatan siyosiy munosabat ekanini qayd etgan.
Kuzatuvchilar fikricha, bahsning eng nozik jihati vaqt bilan bog‘liq. Zero, Polsha 2022-yildan buyon qo‘shni mamlakatni qo‘llab-quvvatlayotgan asosiy davlatlardan biri. Millionlab qochqinlarni qabul qilish, harbiy va gumanitar yordam yetkazishda Varshavaning o‘rni beqiyos. Shu bois ko‘plab siyosatchilar tarixiy kelishmovchilik bugungi strategik sheriklikka soya solmasligi kerakligini ta’kidlamoqda. Ya’ni, “ikki xalq uchun muhim masala o‘tmish haqida bahslashish emas, balki umumiy xavf-xatar qarshisida hamjihatlikni saqlab qolish”dir.
Musulmon Ziyo, O‘zA